Oʻzbekistondagi ochiqlik va shaffoflikka asoslangan pragmatik siyosat xorijiy mamlakatlar vakillarining yurtimizga qiziqishini, investor, turist sifatidagi intilishini oshiryapti. Oʻz navbatida, oʻzbek yigit-qizlari ham bilimi va kasbiy tajribasini oshirish uchun rivojlangan chet davlatlarga boryapti. Tadbirkorlikka keng yoʻl ochilgani, aholi daromadlarining oshayotgani yurtdoshlarimizning tadbirkorlik, sayyohlik maqsadida xorijga safar qilishiga turtki bermoqda. Shubhasiz, bu munosabatlarda chet tilini bilish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, mamlakatimizda xorijiy tillarni oʻqitishga qaratilgan eʼtiborni bugun har qachongidan yuqori deb baholash mumkin.
Chet tillar boʻyicha malakali mutaxassislar tayyorlashda Samarqand davlat chet tillar institutining ham oʻziga xos oʻrni bor. Bugungi kunda oliy taʼlim muassasamizda Oʻn ikkita til boʻyicha bakalavr hamda magistrlar tayyorlanyapti. Xorijiy mamlakatlar bilan aloqalarimiz mustahkamlangani sayin institutimizga oʻqishga kirish uchun hujjat topshiruvchilar hamda talabalar soni yildan yilga tobora ortib bormoqda. Bu esa oʻz-oʻzidan yangidan-yangi oʻquv binolari, talabalar turar joylari va kutubxonalarni qurishni, jumladan, yangi taʼlim yoʻnalishlari, fakulʼtetlar hamda filiallarni ochishni taqozo etmoqda.
Prezidentimiz hududlardagi oʻzgarishlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 15-16-aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida faollar bilan uchrashdi. Muloqot asnosida davlatimiz rahbari viloyat miqyosida oliy taʼlim tizimida katta oʻzgarishlar boʻlishini maʼlum qildi hamda masʼullarga qator vazifa va koʻrsatmalar berdi. Ushbu topshiriqlarga binoan, 2021-2022 oʻquv yilida viloyatning Narpay hamda Payariq tumanlarida institutimizning maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda xorijiy til (ingliz tili) hamda xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili fakultetlarini tashkil etyapmiz. Shu oʻrinda “Nega aynan ushbu ikki tumanda ochilyapti?” degan savol tugʻilishi tabiiy.
Prezidentimizning 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan, Narpay tumanidagi xizmat koʻrsatish texnikumi hamda Payariq tumanidagi iqtisodiyot va servis kasb-hunar kollejlari Samarqand davlat chet tillar instituti tasarrufiga oʻtkazilgan. Ushbu ikki tumandagi inshootlar ham eskirib, foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan. Biz bularni toʻligʻicha qayta taʼmirdan chiqaramiz, talabalarning zamonaviy taʼlim olishi uchun zarur imkoniyatlarni yaratamiz. Bu borada bajariladigan vazifalarni belgilab oldik.
Sohaga tegishli vazirlik masʼullari bilan birga mazkur ikki tumanda ochiladigan fakultetlarning har biriga yuz nafardan abituriyentni talabalikka qabul qilishni rejalashtiryapmiz. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad chekka hududlardagi yoshlarning bandligini taʼminlash hamda ularning oliy taʼlim muassasalariga qamrovini oshirishdir.
Davlatimiz rahbarining shu yil 20-apreldagi “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida oʻqish davrida talabalarni yotoqxona bilan taʼminlash, ijara pulining muayyan qismini toʻlab berish boʻyicha oliy taʼlim muassasalari zimmasiga baʼzi vazifalar yuklangan. Ular ijrosi bilan ham shugʻullanyapmiz.
Ayni paytda Samarqand davlat chet tillar institutida 7 ming 803 nafar bakalavr va magistrant tahsil olmoqda. Ularning 638 nafari muassasamizdagi mavjud talabalar turar joyida yashaydi. 1 ming 979 nafari institut atrofidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi xonadonlar ijarada istiqomat qilmoqda. Qolgan talabalar Samarqand shahri va yaqin tumanlardan qatnab oʻqiydi.
Ehtiyojimizdan kelib chiqib, 2021-2022 oʻquv yili uchun 20 milliard soʻmga davlat-xususiy sheriklik asosida 600 oʻrinlik talabalar turar joyi, shuningdek, institut mablagʻlari hisobidan uch qavatli zamonaviy axborot-resurs markazi quriladi.
Hozir mavjud va foydalanishga yaroqsiz ming oʻrinlik toʻrt qavatli oʻquv binosi hamda ikki yuz kishilik talabalar turar joyi toʻliq mukammal qayta taʼmirdan chiqarilib, bu yil noyabr oyida foydalanishga topshirishni rejalashtirganmiz. Biz bu ishlarni bajarib, talabalarni turar joy bilan toʻliq taʼminlaymiz. Shuningdek, yigit-qizlarning zamon talablariga mos jihozlangan oʻquv xonalarida taʼlim olishiga sharoit hozirlaymiz.
Bundan tashqari, mazkur farmonga muvofiq, institut atrofidagi mahallalarda istiqomat qilayotgan “Temir daftar”, “Yoshlar” daftari” roʻyxatida turgan uyushmagan yoshlarni birlashtirish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda bandligini taʼminlash uchun qator ishlarni bajarishni maqsad qilib oldik. Jumladan, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash boʻyicha psixologik markaz tashkil etmoqchimiz. Shuningdek, kompyuter savodxonligi, tadbirkorlik va kasbga yoʻnaltirish, chet tili kurslari, kitobxonlik, stol tennisi, futbol, voleybol, shaxmat-shashka toʻgaraklari, “Zakovat”, “Quvnoqlar va zukkolar” klublari, “Tarjimon” teatr studiyalariga yoshlarni jalb qilamiz.
Ushbu tizim orqali uch yuz yoshning bandligini taʼminlash, ikki yuz yigit-qizni kasb-hunarli qilish, yana shunchasining til bilish darajasi oshirish, uch yuz ellik yoshni oliy taʼlim muassasasiga qamrab olish, ming nafar yoshning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishni maqsad qilganmiz.
Institutimiz talabalarining qiziqishidan kelib chiqib, Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda musiqa ijrochiligi, anʼanaviy xonandalik va raqs sanʼati boʻyicha havaskorlik ansambllari tashkil etiladi. Viloyat madaniyat boshkarmasi bilan hamkorlikda institutda haftada ikki marta, talabalar turar joyida haftada bir marta taniqli madaniyat va sanʼat xodimlari bilan ijodiy uchrashuvlar, spektakllar, konsert-tomosha dasturlari, milliy maqom kuylari kechalarini tashkil etish rejalashtirildi.
Bu ishlar zamirida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularga yana-da koʻproq imkoniyat va yengillik berish maqsadi mujassam. Ushbu saʼy-harakatlar oʻzbek oʻgʻil-qizlarining jamiyatda oʻz oʻrnini topishi hamda xalqaro doirada raqobatbardosh, yurtimiz nomini yuksakka koʻtaradigan mutaxassislar boʻlib yetishishiga xizmat qiladi.
Ilhomjon TOʻXTASINOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor