Poytaxtimizda Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand va Jizzax viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi uchun loyiha kelishuvlarini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Xalqaro Moliya korporatsiyasi (XMK) texnik koʻmagida Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumani va Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida har birining quvvati 220 MVtdan boʻlgan 2 ta quyosh fotoelektr stansiyalari (QFES) loyihalari uchun ochiq tender savdolari oʻtkazilgan edi.
Unga koʻra, “Masdar” kompaniyasining barcha bosqichlardan oʻtish natijalariga koʻra, 2021-yilning may oyida mazkur kompaniya ushbu loyihalarning gʻolibi deb topildi.
— Bugungi kunda iqtisodiyotimiz, aholi farovonligi, elektr energiyasi isteʼmoli tez surʼatlar bilan oʻsib borayotgan bir paytda, biz eng yaxshi xalqaro tajribaga tayangan holda, qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻlgan quyosh va shamol asosida energiya quvvatlarini koʻpaytirish loyihalarini amalga oshirmoqdamiz, — dedi Energetika vaziri Alisher Sultonov. — Bu borada Oʻzbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi yutuqlari bilan tanilgan “Masdar” kompaniyasi bilan bir qator loyihalarni amalga oshirayotganidan xursandman.
Amirlik kompaniyasining kuchli tomonlaridan biri bu QFESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini 25 yil davomida oʻzgarmas tariflarda yetkazib berish taklifi boʻldi. Shunday qilib, kompaniya tomonidan Jizzax QFES elektr energiyasini yagona elektr tarmogʻiga bir kVt. soati uchun 1,823 AQSH senti va Samarqand QFES — 1,791 sent tarifida yetkazib beriladi.
“Masdar” kompaniyasi ushbu loyihalarga 300 million AQSH dollarigacha investitsiya kiritishi, loyihalar 2021-yilning dekabriga qadar moliyaviy yopilishi moʻljallangan hamda 2022-yilning birinchi choragida qurilish ishlari boshlanishi kutilmoqda.
Shuni qoʻshimcha qilishimiz kerakki, mazkur elektr stansiyalari 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari hajmini 8 GVtga yetkazish, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalarining quvvati Oʻzbekiston energetika sohasi oldiga qoʻyilgan vazifani amalga oshirishga koʻmaklashadi. Bundan tashqari, taxminan 500 000 tonna CO2 ekvivalentida yillik issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishga yordam beradi.