Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–4965-son qaroriga muvofiq intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarlikni manzilli aniqlash va kurashish maqsadida Intellektual mulk himoyasi boshqarmasi hamda Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Intellektual mulk himoyasi markazlari tashkil etildi.
Qarorga muvofiq joriy yilning 15-fevralidan 15-martiga qadar respublikamiz boʻylab oʻtkazilgan kontrafakt mahsulotlarni realizatsiyasiga qarshi real samarali kurashishni koʻzda tutuvchi “Kontrafaktsiz oy” oyligi davomida Intellektual mulk himoyasi boshqarmasi xodimlaridan iborat 25 kishilik ishchi guruh tashkil etilib, respublikamiz miqyosida bozorlar, yirik savdo majmualari va koʻchma savdo nuqtalarida kontrafakt mahsulotlar aylanmasiga qarshi kurashish boʻyicha profilaktika tadbirlari olib borildi.
Hozirda ishchi guruh tomonidan kuniga 100 dan ortiq kontrafakt mahsulotlar aniqlanmoqda. Bugungi kunga kelib, ishchi guruh tomonidan aniqlangan kontrafakt mahsulotlarning soni 2000 dan oshib ketgan. Ushbu aniqlangan kontrafakt mahsulotlarning har biri Agentlik ekspertlari tomonidan oʻrganilib, bosqichma-bosqich ularning ishlab chiqaruvchilariga nisbatan huquqbuzarlik darajasidan kelib chiqqan holda ogohnoma, taqdimnoma, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma kabi taʼsir choralar qoʻllanilmoqda.
Jumladan, hozirgi kunga qadar 400 dan ortiq holat boʻyicha kontrafakt mahsulot ishlab chiqarayotgan nohalol tadbirkorlik subyektlarining shaxsi aniqlanib, shulardan 74 ta tadbirkorlik subyekti rahbarlariga nisbatan aniqlangan qonunbuzilishlar, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritilgan.
Shuningdek, qonunchilikni buzish orqali maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladigan holatlar yuzasidan 41 ta tadbirkorlik subyekti rahbarlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddalari bilan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida bayonnomalar rasmiylashtirilib, maʼmuriy javobgarlik masalasini koʻrib chiqishlik uchun sudlarga yuborildi.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Sraft Foods Rus” (Rossiya) masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tegishli “Alpen Gold” jamlanma tovar belgili mahsulotining “Aybon Gold” nomli kontrafakt nusxasi “MAX-ELITE” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarib kelingan. Holat boʻyicha jamiyat rahbariga tegishli tushuntirish va ogohlantirish ishlari olib borilishi natijasida kontrafakt mahsulot ishlab chiqarish toʻxtatilishiga erishildi.
Bundan tashqari, mazkur tadbirlar jarayonida 300 dan ortiq ishlab chiqaruvchisi nomaʼlum boʻlgan soxta mahsulotlar ham aniqlandi. Jumladan, Germaniyaning “Adidas AG” kompaniyasiga tegishli “Adidas” tovar belgili mahsulotining “Abibas” kabi kontrafakt nusxalari aniqlanib, ishlab chiqaruvchisini topish va chora koʻrish uchun “xufiyona iqtisodiyot” shakllanishining holatlarini aniqlash boʻyicha choralar koʻrish, yashirin ishlab chiqarish, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga chek qoʻyish boʻyicha vakolatli davlat organi – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga taqdim etildi.