Aslida kino yulduzlarning u yoki bu festivalda qatnashish yoki qatnashmasligi oxirgi lahzalargacha nomaʼlum boʻlib qoladi. Bu ularning oʻta tigʻiz va qatʼiy rejalarga asoslangan ish tartibi, qolaversa, oʻta noziktaʼb ijodkorlik feʼl-atvori bilan ham bevosita bogʻliqdir.
Nima boʻlganida ham xalqimiz Jerar Depardyedek zabardast, hazilkash, yumorga toʻlib-toshgan aktyorni gʻoyat qadrlaydi va uni Toshkent xalqaro kinofestivalida koʻrishni juda istaydi.
Maʼlumotlarga koʻra, Depardyede 170 dan ortiq filmda rol oʻynagan sanʼatkor sifatida zamonamizning eng sermahsul aktyorlaridan biri hisoblanadi. Uning rollari juda katta miqyosni qamrab olgan.
Jumladan, Gollivudning mashhur filmlari va festivallaridan sifat va saviyasi turli darajada boʻlgan komediyalar va teleseriallarga qadar, desak yanglishmaymiz.
Jerar Depardye “Parij, men seni sevaman!”, “Asteriks va Obeliks Buyuk Britaniyada”, “Yigirmanchi asr”, “Qoʻshni ayol”, “Omadsizlar” kabi koʻplab kinokartinalarda suratga tushgan.