Bugun Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga turli MCHJlarga avtomobil olish uchun pul toʻlab, mashinasini ham, toʻlagan pulini ham ololmayotgan isteʼmolchilarning murojaati koʻpaygan.

Jumladan, Xorazm viloyati Bogʻot tumani Kulon-qorabogʻ qishlogʻida yashovchi Nasiba Narmetovaning murojaatida qayd qilishicha, 2021-yil 30-avgust  kuni “ORIENT AVTO-LIZING” MCHJ bilan shartnoma tuzib, boshlangʻich toʻlov sifatida 50 532 889 soʻm toʻlagan.

Shartnomada fuqaroga “Lasetti” avtomashinasini 120 ish kunida yetkazish qayd etilgan. Ammo fuqaro hududiy isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilguniga qadar mashina yetkazib berilmagan. Fuqaroning murojaati yuzasidan jamiyat xodimlari oʻrganish oʻtkazib, natijada  N.Narmetovaga boshlangʻich toʻlov uchun toʻlagan 50 532 889 soʻmi qaytarilishiga erishildi.

Yana bir shunday holat Xorazm viloyati Xiva tumani “Oltin vodiy” koʻchasida yashovchi E.Voisova bilan ham sodir boʻldi. Isteʼmolchi Chilonzor tumanida joylashgan “UZ AUTO PREMIUM” MCHJga “Damas” mashinasini sotib olish uchun boshlangʻich toʻlov sifatida 35 392 000 soʻm toʻlagan.

Shartnomada keltirilgan muddat oʻtib ketsa-da, isteʼmolchiga avtomashinasi topshirilmagan. Fuqaroning federatsiyaga murojaati Chilonzor tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʻrganib chiqildi. Chindan isteʼmolchi yolgʻon qurboni boʻlib kelayotgani aniqlandi. Unga avtomobil uchun toʻlagan puli toʻliq qaytarib berildi.

Eldor Beshimov ham shu masʼuliyati cheklangan jamiyat bilan “Kobalt” mashinasi sotib olish uchun boshlangʻich toʻlov sifatida 62 907 000 soʻm toʻlagan. U ham anchadan buyon mashinani ham, toʻlagan pulini ham qaytarib ololmagan. Chilonzor tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari saʼy-harakatlari bilan E.Beshimovga toʻlagan puli toʻliq qaytarib berildi.

Chilonzor tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari yana bir shunday arizani oʻrganib chiqishdi. Unga koʻra, “UZ AUTO PREMIUM” MCHJ “Damas” avtomobili uchun 32 009 000 soʻm boshlangʻich toʻlov toʻlagan Amin Burhonovning ham mashinasini oʻz vaqtida yetkazib bermagan. Fuqaroning muammosi hal etilib, toʻlagan puli olib berildi, deyiladi Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati xabarida.