Respublikamiz bojxonachilari narkotik moddalarning noqonuniy aylanmasiga doir navbatdagi qonunbuzarlik holatini fosh qilishdi.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda Bekobod tumani hududida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro N.S. boshqaruvidagi VAZ-2106 rusumli avtoulov kuzatuvga olinadi.

Kuzatuv davomida mazkur avtotransport vositasi toʻxtaydi va mashinaning old oʻrindigʻida oʻtirgan fuqaro K.R. mashinadan tushib, yoʻl chetida yotgan qora rangdagi polietillen oʻramni oladi hamda mashinada harakatlanishda davom etadi.

Shundan soʻng bojxona xodimlari tomonidan kuzatuvga olinganini sezib qolgan ushbu shaxs zudlik bilan qoʻlidagi oʻramni mashina oynasidan tashqariga uloqtiradi.

Tezkor tadbir davomida ushbu shaxs qoʻlga olindi va uloqtirilgan oʻram voqea joyidan topiladi.

Mazkur oʻram xolislar ishtirokida ochib koʻrilganida esa undagi modda ekspertlarning xulosasiga binoan, sof vazni 750,95 gramm boʻlgan “gashish” giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.