Holat yuzasidan Bosh prokuratura ma'lumot berdi.
Ma'lum qilinishcha, joriy yilning 15 iyun kuni Dang'ara tumanidagi masjid binosiga “peshin” namozini o'qish uchun kirgan Qo'qon shahridagi “Navoiy” MFYda yashovchi ikki erkak o'rtasida janjal yuzaga kelgan. Og'zaki janjaldan so'ng, erkaklardan biri tahoratxonaga kirgan. Ikkinchisi esa uning orqasidan kirib, yonida bo'lgan pichoq bilan bosh, bo'yin va qorin qismlariga bir necha marta urib, og'ir tan jarohati yetkazgan.
Shundan so'ng, mazkur erkak masjidga qo'shni bo'lgan “Navbahor” MFY binosiga kirib, mahalla mas'ullariga bo'lgan voqeani aytib bergan.
“Soat 12:00 larda bir erkak MFY binosiga yugurib kirdi va stulga o'tirdi. Qo'lida pichoq bor edi. Nima bo'ldi sizga?, deb so'rasak, do'stini pichoqlab qo'yganini aytdi. Shu zahoti, mahalla inspektorini chaqirdik” , — deydi “Navbahor” MFY raisi.
Jabrlanuvchi erkak tuman shifoxonasiga og'ir ahvolda olib borilgan va operatsiyadan so'ng, uning hayoti saqlab qolingan. Hozirda erkakning ahvoli yaxshi.
Holat yuzasidan pichoqlagan erkakka nisbatan JKning 25-moddasi orqali 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.