Bu haqda shu yilning 28-may kuni soat 01:19 larda doʻkon ish yurituvchisi viloyat IIBning 102 xizmatiga qoʻngʻiroq qilib xabar bergan.
Holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruvlar olib borildi.
Maʼlum boʻlishicha, Zomin tumani, “Nurlikent” MFYda yashovchi 1998-yilda tugʻilgan fuqaro T. Sh “Kamaz” rusumli yuk avtomashinasini mast holda savdo doʻkoni oldiga boshqarib kelgan.
Doʻkon yonida turgan Zarbdor tumani, “Navoiy” MFYda yashovchi 2000-yilda tugʻilgan H.R va u bilan birga boʻlgan U.Olar bilan oʻzaro tortishib qoladi.
Oqibatida H.R T.Sh.ning yuz qismiga bir marotaba urib, tan jarohati yetkazadi.
Shundan soʻng T.Sh. jahl ustida oʻzi boshqaruvidagi yuk avtomashinasiga oʻtirib, uni haydab, shu yerda turgan H.Rga tegishli “Spark” rusumli avtomashinaning orqasidan urib yuborib, avtomashina va savdo doʻkoniga moddiy zarar yetkazgan.
Hodisa sodir boʻlgan joy tergov-tezkor guruhi tomonidan koʻzdan kechirilib, hozirda tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda. Tergov natijalariga koʻra ushbu voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.









