Dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega boʻlib borayotgan yangi Oʻzbekistonda ilm-fanni rivojlantirish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Matematika, fizika, kimyo, biologiya, geologiya kabi yoʻnalishlarda fundamental, amaliy tadqiqotlar faollashib, olimlarga barcha shart-sharoit yaratilayotgani yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ilm-fan, taʼlim tizimining oʻrni nihoyatda beqiyos ekanini anglatadi.
Bu borada, ayniqsa, matematika fani va taʼlimiga qaratilayotgan eʼtibor matematiklarga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Matematika koʻpchilik tasavvurida juda qiyin fan. Lekin uning kundalik hayotimizda uchraydigan koʻplab masalalarga tatbiqi va bu masalalar yechimi tahlili matematika fanini qoʻllash doirasi cheksiz ekanini koʻrsatadi.
Matematik masalalarni toʻgʻri yechish uchun konsentratsiya, masʼuliyat, aniqlik va tartib kerak. Ushbu instiktlarning koʻp ishlatilishi ularning mustahkamlashishiga olib keladi. Bu esa nafaqat masalalar yechish, balki hayotiy muammolarni hal qilishda ham juda qoʻl keladi. Shiddat bilan oʻzgarayotgan hozirgi zamonda noodatiy fikrlash qobiliyati va strategik tahlil qila oladigan kadrlarga ehtiyoj ortib bormoqda. Bunday koʻnikmalarni esa aynan matematika fani shakllantiradi.
Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti matematika fani va taʼlimini rivojlantirishga, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga sezilarli hissa qoʻshdi va matematik tadqiqotlari jahon darajasida eʼtirof etilgan markazlardan biriga aylandi. Institutning eng katta yutugʻi sifatida dunyo matematika hamjamiyati tomonidan tan olingan algebra va funksional tahlil, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika ilmiy maktablari yaratilganini eʼtirof etish mumkin. Bu maktablarni bugun akademiklar, fanning yetuk namoyandalari boshqarib kelmoqda.
Hozir institutda zamonaviy matematikaning dolzarb yoʻnalishlari boʻlgan algebra va funksional tahlil, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika, dinamik sistemalar, differensial tenglamalar, hisoblash matematikasi, tibbiy-biologik informatika boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilyapti.
Ilm-fanni rivojlantirish, hayotga tatbiq etish va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qildirishda Fanlar akademiyasi asosiy ahamiyat kasb etadi. Bundan 7 yil ilgari akademiya faoliyati susayib, tarmoqlari boʻlgan ilmiy tadqiqot institutlaridagi ilmiy ishlanmalar ishlab chiqarishga kam tatbiq qilinadigan boʻlib qolgandi. Keyinchalik yurtimizda bu sohaga alohida eʼtibor berildi. Jumladan, matematika fani va taʼlimini rivojlantirishga doir meʼyoriy-huquqiy hujjatlar soha rivojida yangi davrni boshlab berdi. Chyet elning ilgʻor ilmiy markazlarida faoliyat yuritayotgan vatandosh matematik olimlar yurtimizga taklif qilindi. Ularning ilmiy tadqiqotlar qilishi uchun zarur shart-sharoit yaratildi. Xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan yoshlar va ularning murabbiylari mehnatini ragʻbatlantirish tizimi joriy etildi. Oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari oʻzaro integratsiyasini taʼminlash uchun Talabalar shaharchasida Matematika institutining zamonaviy binosi barpo etildi. Sohadagi fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirish hajmi uch barobar oshirildi. Byudjet mablagʻlari hisobidan superkompyuter, zamonaviy texnika va uskunalar xarid qilindi. Ilmiy darajali kadrlar tayyorlashning birlamchi bosqichi sifatida stajyor-tadqiqotlik instituti joriy etildi. Matematika fani va taʼlimini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil qilindi. Jamgʻarmaning vazifasi matematika sohasida olimlar va yosh tadqiqotchilarning xorijdagi xalqaro ilmiy-amaliy tadbirlarda ishtirokini taʼminlash, talabalarning matematika fani boʻyicha xalqaro olimpiadalarda qatnashishini qoʻllab-quvvatlash, matematika taʼlimi uchun zarur ilmiy va hisoblash uskunalarini xarid qilishdan iborat.
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan matematika yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalar va tadqiqotchilar uchun akademik T.A.Sarimsoqov nomidagi stipendiya taʼsis etildi. Shuningdek, institutda matematika taʼlimi boʻyicha oʻquv-uslubiy materiallarni muvofiqlashtirish laboratoriyasi tashkil etildi. Davlat taʼlim muassasalarida matematika fani boʻyicha foydalaniladigan darslik va oʻquv qoʻllanmalarga majburiy tartibda laboratoriya mutaxassislari ekspert xulosasi beradi. Bu ilmiy laboratoriya oliy, oʻrta maxsus hamda professional taʼlim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilib, ularning matematika fani darsliklari va uslubiy qoʻllanmalarini yaratishi boʻyicha takliflar ishlab chiqadi. Shu bilan birga, iqtidorli yoshlar orasidan malakali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirishni inobatga olib, 2020-yil 1-noyabrga qadar har bir tuman (shahar)da matematika fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etilishi belgilandi.
2020-yilda Matematika institutining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyatlaridagi hududiy boʻlinmalari tashkil etildi. Ular viloyatlardagi matematik olimlar va yosh tadqiqotchilarning ilm-fan bilan uzluksiz shugʻullanishini taʼminlashni nazarda tutadi. Hududiy boʻlinmalarda 22 nafar fan doktori, 22 nafar fan nomzodi va fizika-matematika fanlari boʻyicha falsafa doktori faoliyat yuritmoqda. Aynan oʻsha yili institut huzurida fizika-matematika fanlari boʻyicha ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash tashkil etildi.
Institut 2021-yildagi ilmiy va innovatsion natijalari bilan milliy reytingda yetakchi ilmiy tashkilotlar roʻyxatidan joy oldi. Oʻttizta vazirlik va idora tasarrufidagi 105 ta ilmiy tashkilotning ilmiy-innovatsion faoliyatiga oid 75 koʻrsatkichdan iborat rasmiy maʼlumotlar 27 yoʻnalish boʻyicha tahlil qilindi. Matematika faniga qaratilayotgan eʼtibor samarasi oʻlaroq, institut xodimlarining ilmiy tadqiqoti 5-marta davlat mukofotiga sazovor boʻlgan. Institutning 12 nafar taniqli olimi Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga, 5 nafari esa Jahon fanlar akademiyasi (TWAS) aʼzoligiga saylangan. Yosh olimlarimizdan 6 nafari TWAS tashkilotining yosh olimlar boʻlimi tanlovlarida gʻolib chiqqan.
Matematika instituti direktori, akademik Shavkat Ayupov “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlandi. Institut iqtidorli yosh olimlari ham ilmiy tadqiqot faoliyati samaradorligi boʻyicha davlat mukofotlari va stipendiyalarga loyiq koʻrildi. Jumladan, 2020 yilda institut yosh olimi, professor A.Xudoyberdiyev “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. 2019 oʻquv yilida tayanch doktorant J.Karimov, 2022 oʻquv yilida S.Shoymardonov, 2023 oʻquv yilida Z.Boxonov Prezident stipendiati boʻldi. Tayanch doktorant Sh.Shopoʻlatov “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Bunday mukofotlar ilmiy faoliyat bilan shugʻullanadigan yoshlarni ragʻbatlantiruvchi, ularni yangi marralar sari undovchi omilga aylangan.
Bugun barcha sohalar qatori ilm-fanda ham xalqaro hamkorliksiz oʻsishga erishib boʻlmasligi barchaga ayon. Institutning chet eldagi yirik ilmiy markazlar va universitetlar bilan ilmiy aloqalaridan yetuk kadrlarni tayyorlashda keng foydalanilmoqda. Xususan, dunyo reytingida dastlabki 300 talikka kirgan universitetlarda falsafa doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan institut xodimlaridan 2 nafariga OAK tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri fan doktori (DSc) ilmiy darajasi berildi. Shu bilan birga, Belgiyaning Gent universiteti va Matematika instituti hamkorligida qoʻshma doktorlik dasturlari ham yoʻlga qoʻyilgan. Tayanch doktorant B.Toshtemirov Gent universitetida mazkur dastur boʻyicha oʻqishni yakunlab, falsafa doktori dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
2017–2019-yillarda AQSHlik 29 nafar talaba talabalar uchun xalqaro tadqiqot amaliyoti loyihasi boʻyicha institutda yozgi ilmiy semestrda qatnashdi. Bu talabalar olgan ilmiy natijalari asosida ikkinchi Oʻzbek-Amerika konferensiyasida maʼruza qilishdi va xorijning nufuzli jurnallarida bir qancha ilmiy maqolalar chop etishdi. Shu nuqtayi nazardan, erishilayotgan zafarlar Uchinchi Renessans poydevori mustahkamlanayotganiga yana bir dalil aslida.
Institutimiz tashabbusi bilan AQSHning Kaliforniya universiteti, Buyuk Britaniyaning Imperial College London univeriteti, Germaniyaning Myunxen universiteti, Malayziyaning MARA texnologiyalar universiteti, Birlashgan Arab Amirliklari universiteti, shuningdek, boshqa bir qancha xorijiy taʼlim dargohlarida faoliyat yuritayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikda yetakchi professor-oʻqituvchilarning onlayn mahorat darslari uzluksiz oʻtkazib kelinadi. Bu esa, oʻz navbatida, yosh olimlarning fanga qiziqishini yanada oshiradi.
2018-yili SIMPA tadqiqot maktabining “Noassotsiativ algebralar va ularning tatbiqi” mavzusidagi loyihasi taqdimoti institutimizda boʻlib oʻtdi. Bu loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad yurtimiz va qoʻshni mamlakatlardan kelgan yosh tadqiqotchilar uchun noassotsiativ algebralar boʻyicha jahonning yetakchi matematiklari tomonidan maʼruzalar oʻqish va olingan soʻnggi ilmiy natijalar boʻyicha fikr almashishdan iborat.
Institut professor-oʻqituvchilarining ilm-fan va taʼlim oʻrtasidagi integratsiyani yanada mustahkamlash maqsadida “ustoz-shogird” anʼanasidan (tizimidan) keng foydalanilmoqda. Bu esa iqtidorli yoshlarni ilmiy tadqiqot faoliyatiga jalb qilishda samara bermoqda. Jumladan, matematikaning dolzarb masalalari boʻyicha olingan natijalar asosida oxirgi 7 yilda institutda oʻtkazilgan ilmiy konferensiyalarning 11 ta toʻplami, olimlarimizning 12 ta monografiyasi nashr etildi.
Institutimiz huzurida yosh olimlar kyengashi tuzilgan. Unga 40 yoshgacha boʻlgan ilmiy xodimlar, tayanch doktorantlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar aʼzo. Bu kyengash kollegial jamoat organi boʻlib, institutdagi yoshlarni ilmiy tadqiqot faoliyatiga tizimli asosda yoʻnaltirish, mavjud ilmiy maktablar anʼanalarini davom ettirish, yangi ilmiy maktablarni shakllantirishga zamin yaratish, yosh olimlarning ilmiy-ijodiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini izchil rivojlantirish, ularning mutaxassisliklar hamda tadqiqot mavzulariga qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
Hozir kengash tarkibida 60 dan ortiq yosh olim boʻlib, ulardan 4 nafari fan doktori, 16 nafari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega. Davlatimiz bizga bildirgan ishonch va keng imkoniyatlardan oqilona foydalanib, oldimizda turgan istiqbolli rejalarni amalga oshirishda bir oila boʻlib fidokorona mehnat qilyapmiz. Bugun olimlarimiz mamlakatimiz ilm-fanini yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor vazifasini oʻtamoqda. Bu yoʻlda yurt taraqqiyotiga va dunyo ilm-faniga salmoqli hissa qoʻshish uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud.
Saʼdulla SHARIPOV,
Matematika instituti katta ilmiy xodimi,
institut huzuridagi yosh olimlar kyengashi raisi