Mahalladagi do‘kon ham, zamonaviy IT-kompaniya ham, qurilish firmasi ham ko‘pincha aynan shu shaklda ro‘yxatdan o‘tadi. Shu sababli ularning faoliyatini tartibga soluvchi qonun o‘zgarsa, bu o‘zgarish minglab tadbirkorlarga bevosita daxldor bo‘ladi.
Yangi qonun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan, mahalliy va xalqaro ekspertlarning xulosalari, jamoatchilik takliflari hamda rivojlangan davlatlar tajribasi inobatga olingan holda ishlab chiqildi. Uning asosiy maqsadi korporativ boshqaruvning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, amaldagi qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish hamda tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishdan iborat. Quyida eski va yangi qonun qiyosida eng muhim o‘zgarishlar tahlil qilinadi.
Korporativ boshqaruvning zamonaviy mexanizmlari
Yuqorida ta’kidlanganidek, eng katta yangiliklardan biri korporativ boshqaruvga tegishli va aynan shu yo‘nalishda uchta muhim o‘zgarishlar mavjud.
Birinchidan, jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari hamda uning a’zolarini saylash tartibi aniq belgilandi. Bu shunchaki rasmiy tartib-qoida emas, uning ortida amaliy maqsad yotadi. Xususan, kelgusida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizoli holatlarning oldini olish. Kim qaysi masalada vakolatli ekani va kengash a’zosi qanday saylanishi avvaldan aniq belgilab qo‘yilsa, keyinchalik qarorlarning qonuniyligi yuzasidan yuzaga keladigan bahslar sezilarli kamayadi.
Ikkinchidan, kuzatuv kengashining qarorlarni sirtdan ovoz berish, ya’ni so‘rov o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish tartibi aniq mustahkamlandi. Endilikda kengash a’zolari bir joyga yig‘ilishi shart emas, masofadan turib ham qaror qabul qilishlari mumkin. Bu ayniqsa, jamiyat a’zolari turli hududlarda joylashgan jamiyatlar uchun katta qulaylik yaratadi va boshqaruv jarayonini tezlashtiradi.
Uchinchidan, va bu ehtimol eng muhim yangilik qonunga fidutsiar majburiyatlar tushunchasi kiritildi. Ushbu tushuncha xalqaro korporativ boshqaruv amaliyotida keng qo‘llaniladigan tushuncha bo’lib, jamiyat kuzatuv kengashi a’zolari, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organ hamda kollegial ijro etuvchi organlarga nisbatan qo’llaniladi. Mohiyatan, bu rahbarlar jamiyat manfaatini o‘z shaxsiy manfaatidan ustun qo‘yishi, halol va ehtiyotkorlik bilan ish yuritishi shartligini anglatadi. Mansabini suiiste’mol qilib, jamiyatga zarar yetkazgan rahbarning javobgarligi masalasi endi qonun darajasida aniq belgilab qo‘yildi.
Jamiyat faoliyati doirasining kengayishi
Yana bir muhim o‘zgarishlardan biri jamiyat qanday ish bilan shug‘ullanishi mumkinligiga oid. Ilgari ko‘plab faoliyat turlari litsenziya olishni talab qilsa, qonunning yangi tahriri bilan jamiyat nafaqat litsenziya, balki boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar asosida yoki shunchaki xabardor qilish tartibida ham muayyan faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Bu esa tadbirkorlar amalga oshiradigan faoliyat turlari sonining ko‘payishiga va ularning daromadlari oshishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikda to‘liq aks etmagan muhim masala jamiyatlarning filiallari va vakolatxonalarini, shuningdek sho‘ba hamda qaram xo‘jaliklarini ochish tartibi yangi qonunda qat’iy belgilab o‘tildi. Bu o‘zgarish biznesini kengaytirmoqchi bo‘lgan tadbirkor o‘zining huquq va majburiyatlarini ancha aniq tasavvur qilishiga, amaliyotdagi tushunmovchiliklar esa kamayishiga xizmat qiladi.
Ishtirokchilar huquqlarini himoya qilish
Amaliyotdagi ko‘plab nizolar katta va kichik ulush egalari o‘rtasida kelib chiqadi. Yangi qonun tahriri aynan shu masalaga jiddiy e’tibor qaratib, minoritar, ya’ni kichik ulush egasi bo‘lgan ishtirokchilarning huquqlarini aniqlashtirdi va himoyasini kuchaytirdi. Xususan, ular endi o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun qo‘mitalar tuzishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, agar kimdir jamiyatning 50 foiz yoki undan ortiq ulushini sotib olsa (davlat bundan mustasno), u qolgan mayda ulush egalariga ularning ulushini bozor narxida sotib olishni taklif qilishi shart. Ilgari bunga 30 kun berilgan bo‘lsa, endi bu muddat 15 kungacha qisqartirildi.
Shuningdek, qonunning yangi tahriri bilan endi affillangan shaxs kutilayotgan bitim haqida jamiyatni yozma ravishda xabardor qilishi shart va u bu bitimni muhokama qilishda hamda ovoz berishda qatnasha olmaydi. Jarayon ham aniq belgilangandi - ijro etuvchi organ va ichki audit xizmati bitimni bir necha ish kuni ichida o'rganib chiqadi, kuzatuv kengashi esa belgilangan muddatda qaror qabul qiladi. Yirik bitimlar masalan, sof aktivlar qiymatining 20 foiziga teng yoki undan oshadigan summadagi bitimlar baholovchi va mustaqil auditor ishtirokini talab qiladi. Hatto 5 foiz ulushga ega ishtirokchi ham shu kabi bitimni tekshirish uchun mustaqil auditor jalb qila olishi mumkinligi belgilandi.
Xulosa
Xulosa qilib aytish mumkinki, “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri MChJlar faoliyatini bugungi kun talablari asosida tartibga soladi. Kuzatuv kengashining aniq vakolatlari, sirtdan ovoz berish imkoniyati, rahbarlarning fidutsiar majburiyatlari, mayda ulush egalarining himoyasi, ulushga egalikning reyestr asosida belgilanishi hamda affillangan shaxslar ustidan nazorat bularning bari amaliyotda eng ko‘p uchraydigan muammolarga aniq yechim bera oladi.
Shaxnoza Tursunova,
Toshkent davlat yuridik universiteti,
Tadbirkorlik va korporativ huquq sho’basi o’qituvchisi