Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida matematika fani boʻyicha maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim oʻquv dasturlari va fanlarning uzluksizligini hamda uzviyligini taʼminlash boʻyicha davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda matematikani oʻqitish boʻyicha fan dasturlarini takomillashtirish, rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribalarini singdirish va xalqaro tadqiqotlarga moslashtirish yuzasidan qator masalalar muhokama qilindi.
— Bugungi kunda hech bir soha matematikasiz rivojlana olmaydi. Davlatimiz rahbari topshirigʻi bilan bundan bir necha oy muqaddam uzluksiz taʼlimda uzviylikni taʼminlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga kirishdik, — dedi inspeksiya boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev. — Taʼlim tashkilotlari attestatsiyasi va reytingini aniqlash jarayonida oʻtkazilgan sinovlar yurtimizda matematika fani oʻqitilishi talab darajada emasligini koʻrsatmoqda. Qaysi taʼlim bosqichida boʻlishidan qatʼi nazar, oʻqituvchilar va oʻquvchilarning bilim darajasini oshirishimiz lozimligi ham koʻzga tashlanmoqda. Shuning uchun ushbu fan oʻquv dasturlarini tashkil etish va amaliyotga joriy etishda bajaradigan ishlarimiz juda dolzarb. Bu orqali uzluksiz taʼlim tizimida matematika fanini oʻqitishga yangi havo olib kirishimiz mumkin.
Bugungi kunda matematika fani boʻyicha mavjud oʻquv dasturlarini tahlil qilish va takomillashtirish boʻyicha 23 nafar eng tajribali va malakali olimdan iborat ishchi guruh tashkil etilgan. Ishchi guruh amaliyotchi olimlar va pedagoglar bilan hamkorlikda matematika fanining uzluksiz taʼlim tizimidagi oʻquv dasturlarini oʻrganib chiqdi. Oʻrganishlar natijasiga koʻra, bugungi kunda mazkur fan boʻyicha takrorlangan mavzular 9 ta, uzviyligi taʼminlanmagan mavzular 29 ta, yangilanishi zarur mavzular 94 ta, olib tashlanadigan mavzular 43 ta, boshqa taʼlim turiga oʻtkaziladigani 20 ta ekani aniqlandi.
Mazkur koʻrsatkichlardan kelib chiqqan holda, fan dasturini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Ushbu konsepsiya boʻyicha yaratilgan oʻquv dasturlari Taʼlim inspeksiyasining uzviylik.tdi.uz muhokama portaliga joylashtirildi. Bugungi kunga qadar konsepsiyani yana-da takomillashtirish boʻyicha fuqarolar tomonidan 150 dan ortiq taklif bildirildi.
Bugungi kunda fan dasturlarini amaliyotga joriy etishda ularning faqat “uzunligi” emas, “kengligi”ga ham eʼtibor qaratilishi lozim. Yaʼni oʻquv dasturlarining takomillashtirilishida, mavzularning xilma-xilligi bilan bir qatorda ularning mazmunan kengayib borishiga ham eʼtibor qaratiladi. Bunda yaratilayotgan oʻquv dasturlari amaliyotchi oʻqituvchilar tomonidan aprobatsiyadan oʻtkazilishi ham koʻzda tutilmoqda.
Muhokamalar davomida, shuningdek, matematikani oʻqitish boʻyicha nafaqat mahalliy, balki Finlyandiya tajribasi ham muhokama qilindi. Maʼlum qilinishicha, fin maktablarida ushbu fanni oʻqitish uchun ajratilgan dars soatlari miqdori Oʻzbekistonga nisbatan ancha kam. Ammo oʻtkazilgan xalqaro tadqiqotlar natijalari boʻyicha mamlakatda taʼlim sifati va samaradorligi koʻrsatkichlari har doim yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda.
Bu borada Finlyandiya maktablariga dars soatlarini erkin taqsimlash imkoniyati berilishi bilan bir qatorda, taʼlim jarayonlarida metodikaga alohida eʼtibor qaratilganligi taʼkidlandi va bu orada amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.