“Matiz” haydovchisi harakatlanayotgan “Equinox” oynasiga ish quroli bilan nega hujum qilgani maʼlum boʻldi

    Xavfsizlik 9 Iyun 2023 11990

    Andijon viloyati IIB Axborot xizmati Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Xonobod shahrida sodir boʻlgan holat boʻyicha tarqalgan videoxabar yuzasidan axborot berdi.

    Aniqlanishicha, joriy yilning 14-may kuni soat 18:20 da fuqaro M.M oʻzining boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashinasida otasi bilan Qorasuv shahar hududida harakatlanib ketayotgan vaqtida ariza muallifi O.A oʻzining boshqaruvida boʻlgan “EQUINOX” rusumli avtomobilida ularning harakatlanishiga toʻsqinlik qilgan.

    M.M.ning otasiga nooʻrin xatti-harakat qilishi sababli M.M otasini yashash xonadoniga tashlab kelib, O.A.ning ortidan boradi. Otasiga nisbatan boʻlgan hurmatsizlik yuzasidan oʻzaro gap tortishgan va videoxabarda aks etgan holatlarni sodir qilgan.

    Mazkur holat yuzasidan oʻtkazilgan tekshiruvlar davrida murojaatchi O.A.ning avtomashinasiga 7.016.542 soʻm miqdorda zarar keltirilgan, shu bilan birga biron-bir shaxsga nisbatan tan jarohatlar yetkazilmagan.

    Holat boʻyicha oʻtkazilgan tergovga qadar tekshirish harakatlari yakuniga koʻra, M.M.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 41-moddasi (Haqorat qilish), 61-2-moddasi 1-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 135-moddasida (Yoʻl harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari boʻlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) koʻrsatilgan huquqbuzarliklarni sodir qilganligi bois, toʻplangan hujjatlar maʼmuriy tartibda chora koʻrish masalasini hal etish uchun jinoyat ishlari boʻyicha Xonobod shahar sudiga yuborilgan.