Mavlut Chavusho‘g‘li: “O‘zbekistonda milliy hunarmandchilikning rivojlanishini ko‘rib quvondim”

    Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho‘g‘li Marg‘ilon hunarmandchilik markaziga tashrif buyurdi.

    M.Chavusho‘g‘li bu yerda milliy matolarimiz, ipak, gilamlar va boshqa hunarmandchilik mahsulotlarining tayyorlanish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Turkiya tashqi ishlar vaziri milliy hunarmandchilik mahsulotlarining tayyorlanish jarayoniga katta qiziqish bildirdi va O‘zbekistonning bu boradagi salohiyatini yuksak baholadi.

    “Gilamlar va umuman milliy hunarmandchilik mahsulotlaringiz juda go‘zal. Turkiyada ham bu yo‘nalishdagi turlar bor, lekin ular tobora kamayib bormoqda. O‘zbekistonda milliy hunarmandchilikning bunday rivojlanishini ko‘rib quvondim”, – dedi M.Chavusho‘g‘li.

    Turkiya tashqi ishlar vaziri shuningdek kashtachilik mahsulotlarini ko‘rib, bolalik xotiralari yodga tushganini aytdi.

    Mehmon milliy matolar va hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash sirlari avloddan avlodga o‘tishi muhim ahamiyatga ega ekanligini hamda bu kabi anʼanalarni davom ettirish lozimligini taʼkidladi.

    Bundan tashqari, Marg‘ilon hunarmandchilik markazida M.Chavusho‘g‘liga madaniy dastur namoyish etildi.

    Shundan so‘ng Mavlut Chavusho‘g‘li Oltiariq tumanining agroturizm salohiyati bilan tanishish uchun yo‘lga chiqdi.

    Taʼkidlash lozimki, bundan avval Turkiya turizm va madaniyat vaziri ham Farg‘ona vodiysida bo‘lib, Turkiy Kengash turizm masalalari vazirlarining VI yig‘ilishida ishtirok etgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov boshchiligida o‘tgan mazkur yig‘ilish doirasida Qo‘qon shahri Turkiy kengash davlatlarining poytaxti deya rasman eʼlon qilingan edi.