Uchrashuvda mavsumiy ishlarda vaqtincha bandlikni taʼminlash sohasida oʻzaro tajriba almashish, xususan, Janubiy koreyalik ish beruvchilarni migrant ishchilarni tanlash jarayoniga jalb etish mexanizmlarini ishlab chiqish, mavsumiy ishlar mehnat bozori bilan tanishish va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarining mamlakatni tark etish oldidan karantin tadbirlariga rioya etilishini tashkil etish jarayoniga Janubiy koreyalik mutaxassislarni ham jalb etish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Janubiy Koreya vakillari bilan mehnat bozorini rivojlantirish, mehnat muhojirlarining karantin talablariga rioya qilishida shaffoflikni taʼminlash, Oʻzbekiston fuqarolarining mehnat salohiyati haqida mavsumiy ishlarga jalb qiluvchi ish beruvchilarning xabardorligini oshirish kabi sohalarda oʻzaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi davom etmoqda.