Xususan, 3 million dollardan 5 million dollargacha boʻlgan miqdordagi investitsiyalar uchun 3 yil muddatga, 5 million dollardan 15 million dollargacha boʻlgan miqdordagi investitsiyalar uchun 5 yil muddatga va 15 million dollar hamda undan yuqori miqdordagi investitsiyalar uchun 10 yil muddatga foyda soligʻidan ozod etilishi yuzasidan Soliq kodeksiga qoʻshimcha kiritilyapti.
Qonunda maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari tomonidan foyda soligʻi boʻyicha imtiyozlarning 2020-yil 1-yanvardan keyin foydalanilmay qolgan qismi ham tatbiq etilishi belgilanyapti.
Qonun qabul qilinishi natijasida maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari oʻz ixtiyorida 47,9 milliard soʻm mablagʻlarni iqtisod qiladi. Natijada korxonalarning yillik ishlab chiqarish hajmlari ortib, qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etilishiga imkon yaratiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.