«Bizning muallifimiz hech qachon Sharqda bo‘lmagan va Markaziy Osiyo haqida juda kam tasavvurga ega edi. Endi u ushbu mintaqaga yo‘l oldi va O‘zbekistonning rang-barang tarixidan hayratda, deb yozadi nashr. Chunki ko‘hna Ipak yo‘lidagi ushbu mamlakat madaniyatlar chorrahasi va rivojlanayotgan mintaqadir.
Agar O‘zbekiston sizning sayohat yo‘nalishlaringiz ro‘yxatida bo‘lmagan bo‘lsa, siz ham men kabisiz. Men Sharq yoki Markaziy Osiyoga hech qachon sayohat qilmaganman, bu mintaqa haqidagi bilimlarim ham juda cheklangan. Bu mamlakatning xilma-xilligi yana-da hayratlanarli va maftunkordir».
Muallifning taʼkidlashicha, sayohatga 3 may kuni Berlindagi Jeyms Saymon galereyasi va Yangi muzeyda ochiladigan O‘zbekiston arxeologik xazinalarining katta ko‘rgazmasi sabab bo‘lgan. Shuningdek, u yordamchi sayohlik dasturi va ko‘plab kundalik tafsilotlar qiziqarli bo‘lganini taʼkidlaydi.
Maqolada qayd etilishicha, Xitoyni O‘rta yer dengizi bilan bog‘lagan qadimiy Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan ushbu mamlakat hududi madaniyatlar chorrahasiga aylangan. Bundan tashqari, Amir Temur va Aleksandr Makedonskiy kabi turli davr hukmdorlari bu yerda o‘z izlarini qoldirgan. Shunga ko‘ra, yunon, arab, rus, hind va xitoy taʼsiri hamma joyda seziladi.
«O‘zbekiston o‘tish davridagi, rivojlanayotgan davlat, deb yozadi nashr. 2016 yilda Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan so‘ng avvallari yakkalanib qolgan sobiq ittifoqning ushbu respublikasi xorijiy investorlar va sayyohlar uchun ochildi. Mamlakat katta mablag‘ sarflamoqda, ko‘p joylarda qurilishlar jadal davom etayotir».
Muallif uyga uchib ketishga hali erta ekanini, kashf qilinishi kerak bo‘lgan juda ko‘p narsalar borligini taʼkidlaydi. Uning yozishicha, O‘zbekiston bilan tanishish may oyida – Buyuk Ipak yo‘li Berlin muzeyiga qadar cho‘zilganida davom etadi.