Loyiha doirasida Maydanakni yilning barcha fasllarida faoliyat yuritadigan zamonaviy turizm kompleksiga aylantirish rejalashtirilgan. Hududda qurilish ishlari izchil olib borilib, mehmonxona va dam olish obyektlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda transport va servis infratuzilmasi rivojlantirilmoqda.
Maskanda tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish, xizmatlar sifatini oshirish, ekstremal sport va faol dam olish turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda hududning tabiiy jozibadorligi va ekologik muvozanatini saqlab qolish ustuvor vazifa etib belgilangan.
Kelgusida Maydanak nafaqat tog‘ va ekstremal turizm, balki qishki sport, oilaviy dam olish, ekoturizm, faol sayohat hamda sarguzasht turizmining yetakchi markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Bu esa Qashqadaryo viloyatining turizm salohiyatini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, investitsiyalar hajmini ko‘paytirish va hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadi.