Fransiyaning Le 10 Sport nashri xabariga ko'ra, Fransiya terma jamoasi jahon chempioni Kilian Mbappe “PSJ”dan “Manchester Yunayted”ga o'tishi mumkin.

Avvalroq, qatarlik sarmoyador Shayx Hamad bin Jassim bin Jobir Al Tani “Manchester Yunayted” aktsiyalarining nazorat paketini sotib olish uchun ariza topshirgan edi. Uning raqobatchisi Ineos egasi britaniyalik milliarder Jim Retkliffdir.

Manbaga ko'ra, “PSJ” prezidenti qatarlik Nosir Al-Xelayfi, agar Qatar konsorsiumi mankunianliklar klubini sotib olishga erishsa, Mbappeni shu yozda “Manchester Yunayted”ga sotishga tayyor.

“Manchester Yunayted”ning hozirgi xo'jayinlari amerikaliklar Avram Gleyzer va Joel Gleyzer bo'lib, ular jamoani 2005-yilda 1,34 milliard dollarga sotib olishgan.

Mbappening PSJ bilan shartnomasi 2025-yilning yozida yakuniga yetadi. Parijliklar tarkibida u to'rt karra Fransiya chempioni bo'ldi, ikki marta Fransiya Liga kubogi va mamlakat Superkubogini, uch marta Fransiya kubogini qo'lga kiritdi. Fransiya terma jamoasi bilan birgalikda 2018-yilda jahon chempioni, 2022-yilda esa vitse-chempion bo'ldi.