Xususan, “Nash kray” gazetasi chop etgan maqolada Baranovich davlat universitetida oʻzbek xalqinining koʻhna va ardoqli ayyomi - Navroʻz bayrami keng nishonlangani haqidagi maʼlumotlar atroflicha qalamga olingan.
“Turkmaniston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikistondan kelgan talabalar uchun Navroʻz ayyomi milliy bayram hisoblanadi. Navroʻzni nishonlash universitet uchun ham anʼanaga aylanib qolgan”, - deb yozadi Belarus gazetasi.
Nashr talabalar tomonidan Turkmaniston, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston milliy taomlari koʻrgazmasi tashkil etilganini maʼlum qilar ekan, Oʻzbekiston diplomatiya korpusi vakillari ham oʻzlarining ajoyib sovgʻalari bilan bayramda faol ishtirok etishganini alohida taʼkidlaydi.
“BELTA” axborot agentligi esa “Velikiy kamen” Xitoy-Belarus sanoat parki va Oʻzbekiston erkin iqtisodiy zonalari hamkorlikni rivojlantirish niyatida ekanligiga eʼtibor qaratgan. Agentlikning yozishicha, “Velikiy kamen” maʼmuriyati va “Sirdaryo” hamda “Jizzax” EIZ rahbariyati oʻrtasida videokonferensiya vositasida muzorakalar tashkil etilgani holda oʻzaro hamkorlikning aniq yoʻnalishlari muhokama qilindi.
“Uchrashuv Oʻzbekistonning Belarusdagi elchixonasi koʻmagida oʻtkazildi. Xitoy-Belarus sanoat parki vakili erkin iqtisodiy zonalar va korxonalar oʻrtasida butlovchi qismlar, materiallar, tayyor mahsulotlarni import va eksport qilish sohasida oʻzaro aloqalarni oʻrnatishga alohida eʼtibor qaratar ekan, Oʻzbekiston EIZlari bilan Hamkorlik memorandumlari imzolashni rejalashtirganini maʼlum qildi”, deb yozadi agentlik.
MDH Ijroiya qoʻmitasi veb-saytida eʼlon qilingan xabarda esa Oʻzbekiston diplomatiya missiyasi tomonidan Ijroiya qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Leonid Anfimovga “Gʻalaba bogʻi falsafasi” kitobi MDH tarixi muzeyi uchun sovgʻa sifatida topshirilgani maʼlum qilingan.
“Ijroiya qoʻmita rahbariyati tomonidan muhim tuhfa uchun Oʻzbekiston elchixonasiga minnatdorlik bildirilar ekan, ushbu kitob muzeyda oʻzining munosib oʻrnini egallashiga ishonch bildirildi”, deb yozadi Ijroiya qoʻmita veb-sayti.
Maʼlumki, mazkur kitob Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021-yilda Buyuk Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan Toshkent shahrida bunyod etilgan “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasining tarixi, mazmuni va ahamiyati haqida hikoya qiladi.