Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov raisligida oʻtgan majlisda Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston tashqi ishlar mahkamalari rahbarlari hamda MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari MDH doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashdi, shuningdek, qator tashkiliy masalalarni muhokama qildi.
A.Komilov Oʻzbekiston Respublikasining MDHdagi raisligi doirasida erishilgan ijobiy natijalarga toʻxtalarkan, rejalashtirilgan deyarli barcha tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazilgani, aʼzo davlatlar hamkorligi, tuzilma faoliyati koʻlamini yana-da kengaytirish bilan bogʻliq yangi yoʻnalishlarni belgilab beradigan hujjatlar imzolanganini taʼkidladi. Jumladan, MDHni yana-da rivojlantirish konsepsiyasi yangilangani, Hamdoʻstlikning 2030-yilgacha Iqtisodiy taraqqiyot strategiyasi, harbiy va chegara hamkorligi, innovatsiya, transport, madaniyat, sport, turizm hamda yoshlar boʻyicha 9 ta dasturiy hujjat qabul qilingani alohida qayd etildi. Yigʻilish qatnashchilari eʼtiboriga Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT shafeligida pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish tashabbusining ahamiyati haqida maʼlumot berildi. Mazkur taklif inqirozlarga birgalikda javob qaytarish boʻyicha ishonchli tizimni joriy etish uchun konseptual va huquqiy asos yaratishi mumkinligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, dunyoda pandemiya va boshqa umumbashariy tahdidlar bilan bogʻliq jarayon kechayotgan bir davrda Hamdoʻstlik aʼzo davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida, mamlakatlar
oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikni mustahkamlashda muhim oʻrin tutmoqda.
Yigʻilish yakunida hamkorlikning turli sohalarida 12 ta qaror va hujjat qabul qilindi. Xususan, MDH doirasida 2021-yilda Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi koʻp bosqichli maslahatlashuv rejasi tasdiqlandi, Tuzilma Ijroiya qoʻmitasidagi kvotali lavozimlar kelasi uch yil uchun aʼzo davlatlar oʻrtasida taqsimlanishi kelishib olindi. MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishini 2021-yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasida oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.