Yaqinda MDH Xalqaro ekspertlar forumining axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha https://isf-cis.uz veb-sahifasi ishga tushirildi.
MDH Davlat rahbarlarining yigʻilishida ushbu Forumni ishga tushirish haqidagi taklif Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan edi. Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va MDH Ijroiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda ashkil qilinmoqda.
Tashkil qilingan sayt Forumning faoliyati boʻyicha dolzarb maʼlumotlardan tezkor foydalanish imkoniyatini yaratadi. Bu yerda Forumning ishtirokchilari, dasturi, yangiliklari va mediatekasi bilan tanishish mumkin.
Eslatib oʻtamiz, 29-iyunda axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha MDH Xalqaro ekspertlar forumi boʻlib oʻtadi. Hamkorlik mamlakatlari ekspertlari axborot xavfsizligini taʼminlash sohasidagi soʻnggi tendensiyalarni muhokama qiladi, shuningdek ushbu sohadagi huquqqa zid holatlarga qarshi kurash boʻyicha maqbul yoʻllarni kelishib oladi.