Buxoro tumanidagi dehcha mahallasi azaldan mehnatdan baraka topgan hudud sifatida eʼtirof etiladi. Bu yerda, ayniqsa, hunarmandchilik qadimdan rivoj topgan. Maʼlumotlarga koʻra, shundoqqina Buxoro shahriga tutash mahallada azaldan usta duradgorlar mahsuloti bilan shuhrat qozongan. Lugʻaviy maʼnosi “qishloqcha”, “kichik hudud”, maʼnosini anglatadigan mahallada bugun 10 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Eʼtiborli jihati, bu raqam bilan salmoq jihatidan ham dehchaliklar ancha-muncha mahallani ortda qoldirishi mumkin. Ammo asosiysi bu emas. Bugun mamlakatimizda tadbirkorlar uchun berilayotgan imkoniyatlar sabab bu yerda juda keng koʻlamdagi oʻzgarishlar qilindi. Avvalo, aholining dunyoqarashi oʻzgardi. Shu vaqtga qadar uyda alohida hunarmandchilik bilan shugʻullanib kelgan ustalar yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻydi.

Imtiyozli kreditlar, tegishli tavsiya va yordamlar natijasida oʻtgan yilning boshidan bugunga qadar bekorchi odamning oʻzi qolmadi. Qaytaga qoʻshni mahallalardan kelib Dehchada hunarmandchilik sirlarini oʻrganadiganlar soni ortdi. Qurbon Asadov xonadonida ishlab chiqarilayotgan shinam mebellar bugun sohaning yetakchi korxonalaridagi mahsulotlar bilan bemalol raqobatlasha oladi. Usta bugun mahalliy bozorda oʻz oʻrniga ega tadbirkorlardan biriga aylanib ulgurdi.

— Uzoq yillar davlat idoralarida ishladim. Ammo hunarimni tashlab qoʻyganim yoʻq. U hamma vaqt insonning orzulari roʻyobiga xizmat qilar ekan. Tadbirkorlar uchun berilgan imtiyozlar tufayli bugun uy sharoitida tayyorlayotgan mahsulotlarimizni viloyatdagi barcha bozorlarga olib chiqib sotish imkoniga ega boʻldik, — deydi yakka tadbirkor Qurbon Asadov. — Boʻsh vaqtimda asal arichilik bilan shugʻullanaman. Oʻtgan yili asaldan ham yaxshi daromad oldik. Albatta, bu ham oilaviy daromadimiz ortishiga zamin yaratdi.

Mahalladagi Ruslan Latipov xonadonida zamon talabi asosida yotoqxona mebellari ishlab chiqariladi. Buning uchun hunarmandning ish quroli ham soz holatda. Eng muhimi, Qurbon Asadov xonadonida boʻlgani kabi bu oilaviy tadbirkor ham oʻnlab yoshlarga kasbining sir-asrorini oʻrgatib kelyapti. Ilgari dehchalik hunarmandlar yarim tayyor mahsulotlar olib kelib, mebel tayyorlar edi. Hozirgi raqobat muhiti ustalar uchun mahalliy sharoitda barcha ehtiyot qismlarni qishloqning oʻzida tayyorlash imkonini berdi.

Mels Latipov xonadonida yotoqxona mebelining barcha butlovchi qismlari ishlab chiqarilyapti. Faxriddin Sharipov esa oshxona mebellari bilan viloyatning barcha bozorida oʻrnini topib ulgurdi. Albatta, davr taraqqiy etmoqda. Ish unumi va sifatini taʼminlashda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ancha samara beryapti.

Dehchaliklarning eʼtirof etishicha, Shavkat Rahmatov xonadonida hali ham hunarmandchilikning qadim anʼanalari davom etayotgani bu oilaga baraka keltirmoqda. Eʼtiborli jihati, usta hali ham barcha yumushni qoʻl mehnati bilan bajaradi. Bu esa mahsulotning yanada bejirim boʻlishini taʼminlayapti.

— Birdamlik, hamjihatlik bor joyda, albatta, yuksalish boʻy koʻrsatadi. Bizning hunarmandlar qishlogʻidagi oilaviy tadbirkorlar birlashib, katta rejalarni amalga oshirmoqda. Hech kimning xayoliga ham kelmagan ishlar boʻlyapti. Tuman hokimligi tomonidan ajratilgan 7 gektar maydonda 20 ga yaqin ishlab chiqarish subyekti toʻla quvvat bilan faoliyat boshladi. Natijada bu hududga kichik sanoat zonasi maqomi berilyapti. Bunda ham hududning drayver sohasini rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor bosh omil boʻldi, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Joʻrabek Sharopov. Intilgan, harakat qilgan bugun, albatta, oʻz maqsadiga erishadi.

Ayniqsa, bu intilishlar hududlarning hamjihatligi asosida amalga oshsa, barcha mahallalarda natijalar kutilganidan-da samarali boʻlishi aniq. Tez orada yakka tartibdagi tadbirkorlar va usta hunarmandlar tashabbusi qishloqda kooperatsiyani, katta ishlab chiqarish markazini vujudga keltiradi. Bu esa Dehchaning mavqeini, odamlar turmush sharoitini yanada oshirishi aniq.