Ba’zi jinoyatlar ortida dastlab oddiy kelishmovchilik bo‘lib ko‘ringan, ammo o‘z vaqtida hal etilmagan nizolar turadi. Oiladagi mulkiy tortishuv, qo‘shnilar o‘rtasidagi yer yoki suv masalasi, qaytarilmagan qarz, ish beruvchi bilan xodim o‘rtasidagi kelishmovchilik vaqt o‘tishi bilan o‘zaro adovatga, haqorat va tahdidlarga, ayrim hollarda esa zo‘ravonlik yoki boshqa huquqbuzarlikkacha borishi mumkin. Demak, jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat sodir etilgan qilmish uchun javobgarlik belgilashdan emas, balki jinoyatga olib kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatni o‘z vaqtida bartaraf etishdan ham boshlanadi.
Ana shu nuqtai nazardan mediatsiyaning imkoniyatlariga yangicha qarash zarur. “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunda mediatsiya kelib chiqqan nizoni taraflarning ixtiyoriy roziligi asosida, mediator ko‘magida o‘zaro maqbul qarorga erishish yo‘li bilan hal qilish usuli sifatida belgilangan. U maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi prinsiplariga tayanadi. Bu yerda mediator sudya emas: u kim haq yoki kim nohaqligini hal qilmaydi. Uning vazifasi esa o‘zaro muloqot qilish imkonini yo‘qotgan taraflarga bir-birini eshitish, manfaatlarini anglash va har ikki tomon qabul qila oladigan yechimga kelish uchun xolis sharoit yaratishdir.
Mediatsiyaning jinoyatchilik profilaktikasi uchun ahamiyati ham aynan shu yerda namoyon bo‘ladi. Odatda profilaktika deganda huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxs bilan ishlash, nazorat yoki ogohlantirish choralari tushuniladi. Vaholanki, muayyan vaziyatlarda jinoiy xulq-atvorga olib boruvchi asosiy omil shaxsning o‘zi emas, balki hal qilinmay kelayotgan ijtimoiy nizo bo‘lishi mumkin. Bunday holatda profilaktika ta’sirini faqat shaxsga emas, nizoning o‘ziga qaratish talab etiladi.
Shu ma’noda mediatsiyani jinoyatchilik profilaktikasining alohida mexanizmi sifatida baholash mumkin. Bu, albatta, amaldagi qonunchilikda mediatsiya rasman “jinoyatchilik profilaktikasining alohida turi” deb belgilanganini anglatmaydi. Qonun uni, avvalo, fuqarolik, tadbirkorlik, bank-kredit, sug‘urta, mehnat va oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etishga tatbiq etadi. Ammo kriminologik nuqtai nazardan uning profilaktik imkoniyati juda muhim: mediatsiya sodir etilgan jinoyatning oqibati bilan emas, balki ayrim hollarda jinoyatga olib borishi mumkin bo‘lgan ziddiyat bilan undan oldinroq ishlaydi.
Bu mexanizmni oddiy zanjirda ko‘rish mumkin: nizo o‘z vaqtida hal etilmasa, ziddiyat chuqurlashadi, adovat kuchayadi, taraflarning xatti-harakatlari keskinlashadi va huquqbuzarlik xavfi ortadi. Mediatsiya esa shu zanjirni boshqa yo‘nalishga burish imkonini beradi. Ya’ni, o‘zaro nizolashayotganlar bilan samimiy muloqot kirishib, ularning manfaatlari aniqlanadi, ularni qoniqtiradigan o‘zaro maqbul yechim orqali munosabatlar tiklanadi, bu esa, o‘z navbatida, huquqbuzarlikning oldini oladi. Shu sababli mediatsiyaning profilaktik qiymati nizoni tugatishning o‘zidagina emas, balki uning huquqbuzarlikka aylanishi mumkin bo‘lgan eskalatsiya mexanizmini to‘xtatishidadir.
Masalan, oila a’zolari o‘rtasida uzoq vaqtdan buyon hal qilinmayotgan mulkiy nizo bor. Tomonlar bir-birini eshitmay qo‘ygan sari janjallar kuchayib, haqorat, tahdid yoki zo‘ravon to‘qnashuv xavfi yuzaga kelishi mumkin. Yoki ikki qo‘shni o‘rtasida yer chegarasi, suvdan foydalanish yoxud yo‘l masalasida boshlangan oddiy kelishmovchilik yillar davomida shaxsiy adovatga aylanishi mumkin. Qarzdor va qarz beruvchi yoki xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi hal etilmagan nizoda ham xuddi shunday keskinlashuv kuzatilishi ehtimoldan xoli emas. Mediatorning o‘z vaqtida ishtirok etishi ana shu vaziyatlarda kimnidir “g‘olib”, kimnidir “mag‘lub” qilish uchun emas, nizoning xavfli bosqichga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ahamiyatlidir.
Bunday yondashuv O‘zbekiston Repusblikasi Prezidentining 2026 yil 5 yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-son qarorida belgilangan profilaktikaning yangi mantig‘i bilan hamohang. Mazkur qarorda ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, oila-turmush munosabatlari doirasida, ayollar va yoshlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning asl omillarini o‘rganib, ularni barvaqt bartaraf etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Ayniqsa, nizoli oilalar salmog‘i yuqori bo‘lgan mahallalarga alohida e’tibor qaratilishi va hududlarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish vazifasi qo‘yilgani e’tiborga molik.
Shunday ekan, mahallada nizo jinoyatga aylanishini kutish o‘rniga, uni erta aniqlash va qonun yo‘l qo‘yadigan hollarda taraflarga professional mediator yordamidan foydalanish imkoniyatini tushuntirish istiqbolli yo‘nalish bo‘lishi mumkin. “Mahalla yettiligi”, profilaktika sub’ektlari va boshqa mas’ul tuzilmalar nizoli vaziyatni aniqlaganda, uni o‘z vakolati doirasida “kim haq, kim nohaq” tarzida hal etishga urinishdan ko‘ra, zarur holatda taraflarni professional mediatsiyaga yo‘naltirish imkoniyatini ham ishga solish maqsadga muvofiq. Bu majburiy yarashtirish emas, aksincha Qonun mediatsiyaning ixtiyoriyligini va hatto yarashishga majburlash taqiqlanishini belgilaydi.
Shu bois mediatsiyaga faqat nizoni hal qilish vositasi sifatida emas, nizoni jinoyatga aylanib ulgurmasidan bartaraf etishga xizmat qiluvchi istiqbolli profilaktik mexanizm sifatida ham qarash lozim. Zero, nizoni jinoyatgacha yetkazmasdan hal qilishning o‘zi ham jinoyatchilikka qarshi kurashishning eng oqilona shakllaridan biridir.
TDYuU professori v.b.
N.Hamidov