Mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi

    Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Bunda mehmonxona qurmoqchi boʻlgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun toʻlov undirilmaydi.

    Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor boʻlib kiradi.

    Tadbirkorlar 10-yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin boʻladi. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida toʻlayman desa, 20 foiz chegirma beriladi.

    Mehmonxona qurish uchun 7-yil muddatga 2-yillik imtiyozli davr bilan viloyatlar markazi va turizmga ixtisoslashgan 36 ta tumanda – 30 milliard soʻmgacha, boshqa hududlarda esa 10 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi.

    Koʻp tadbirkorlar davlat obyektlari va xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylantirayapti. Endi yangi mehmonxona uchun koʻzda tutilgan subsidiya ularga ham beriladi.

    Hozir mehmonxona egalari har bir turist uchun kuniga 62 ming soʻmgacha turistik yigʻim toʻlab berishga majbur. Endilikda Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqari birorta joydagi mehmonxona bu yigʻimni toʻlamaydi.