Pandemiyadan keyinga davrda mehmonxonalarning raqobatbardoshligini taʼminlash, shuningdek, yulduzlik toifasini olishga ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2020-yil 19-iyundagi 4755-sonli qaroriga koʻra, mehmonxonalar tomonidan ularga berilgan toifa saqlangan taqdirda, 2021-yil 1-yanvardan 2023-yil 31-dekabrga qadar tegishli yil yakuniga koʻra joylashtirish vositasining toifasi uchun undirilgan turistik (mehmonxona) yigʻim summasining 50 foizini joylashtirish vositalariga qaytarish belgilandi. Misol uchun, toifaga ega boʻlmagan mehmonxona uch yulduzli toifani 2020-yilda oldi hamda 2021-yil davomida uch yulduz toifasini saqlab qoldi.
Toifaga ega boʻlishdan oldin xorijiy mehmonning har bir kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi turistik yigʻim sifatida undirilgan boʻlsa, toifa olgandan soʻng BHMning 21 foiz miqdorida turistik yigʻim undirdi. Yil yakuniga koʻra, mehmonxonaga uch yulduz toifa hisobiga hisoblangan BHM 6 foizining yarmi qaytariladi.
Oʻz navbatida, pandemiya sharoitidagi murakkab vaziyatda toifa olish istagidagi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Prezidentining “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2020-yil 28-maydagi 6002-sonli farmonining 4 bandi, “d” kichik bandiga muvofiq, 2021-yil 1-iyunga qadar mehmonxonalarga toifa olish yoki mavjud toifani oshirish uchun renovatsiya, rekonstruksiya hamda moddiy-texnik bazani mustahkamlash boʻyicha xarajatlarni olingan toifani kelgusi 3 yil davomida saqlash sharti bilan 3, 4 va 5 yulduzli toifadagi mehmonxonalarning har bir xonasi uchun tegishlicha 5,10 va 15 mln soʻm miqdorida qoplab berish nazarda tutilgan.