Mamlakatimizda ishsiz yoshlar va xotinqizlarning bandligini ta'minlash, ijtimoiy ahvolini yaxshilash, ularni tadbirkorlikka yo'naltirish, talab yuqori bo'lgan kasblarga o'qitish, biznesini yo'lga qo'yishi uchun moliyaviy qo'llab-quvvatlashga muhim vazifa sifatida e'tibor qaratib kelinmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan mutasaddilarga ko'plab vazifa va ko'rsatmalar berilmoqda, mamlakatimiz miqyosida tizimli loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufida yurtimizning 15 hududida faoliyat ko'rsatayotgan “Ishga marhamat” monomarkazlari ijtimoiy loyiha sifatida ishsizlik muammosini kamaytirishga hissa qo'shmoqda.
Mazkur monomarkazlar yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta'minlash maqsadida aholiga bir qancha xizmat turlarini ko'rsatyapti. Qisqa muddatli, talab yuqori bo'lgan kasb-hunar, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar, tadbirkorlik va moliyaviy savodxonlik kurslari shular jumlasidan. SHuningdek, kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun talab qilinadigan mahorat, shaxsiy va kasbiy bilim va ko'nikmalarni baholash, xorijda vaqtincha ishlamoqchi bo'lgan fuqarolarni kasb-hunar va xorijiy tillar bo'yicha o'qitish, ular bilan oldindan moslashtirish chora-tadbirlarini o'tkazish, xorijda ishlash uchun talab etiladigan hujjatlarni rasmiylashtirishga ko'maklashilyapti.
Bugun to'la ishonch bilan aytish mumkinki, monomarkazlarda ko'rsatilayotgan xizmatlar turi nafaqat aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilash, balki o'ziga va ertangi kunga ishonchini oshirishga ham ko'mak bermoqda. Jamiyatda munosib o'rin topishi uchun yoshlar va ayollarni qo'llab-quvvatlash hamda zarur shartsharoitlar yaratish mamlakatimizdagi islohotlar izchilligini ta'minlashda katta ahamiyatga ega. CHunki busiz aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash mushkul. Dunyoga xavf solgan pandemiya sharoitida ijtimoiy himoya ko'rsatkichi sezilarli darajada pastlaganiga guvoh bo'ldik. Bu murakkab davrdagi eng asosiy masala aholining ehtiyojmand qatlamini qo'llab-quvvatlash, daromad bilan ta'minlash bo'ldi.
Hozir yurtimizning barcha go'shalariga “Ayollar daftari”, “YOshlar daftari” va “Temir daftar” kabi tushunchalar kirib bordi. Bu daftarlarni shakllantirishdan maqsad ham ro'yxatga olinganlarni talab yuqori bo'lgan kasblar va tadbirkorlikka o'qitish, shu asosda o'z biznesini yo'lga qo'yishiga ko'maklashishga qaratilgan. Nafaqat ayollar va yoshlarni ish bilan ta'minlash, balki ularga psixologik, tibbiy, huquqiy va ko'plab boshqa jihatlarda amaliy yordam ko'rsatish masalasi ham turibdi. Xuddi shu maqsadlar mushtarakligida hozir monomarkazlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar bandligini ta'minlash uchun tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Temir daftar”, “YOshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan, ro'yxatda turmagan, ammo band bo'lmagan aholi vakillari hududiy monomarkazlarda o'qib, davlat namunasidagi sertifikat asosida turli sohalarda faoliyat yuritmoqda.
Kelgusida monomarkazlar bilan olis hududlardagi nodavlat ta'lim muassasalari o'rtasida hamkorlikni yo'lga qo'yish, chekka qishloqlardagi aholini ham qamrab olish, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, imkoniyati cheklangan fuqarolarni imkoniyatidan kelib chiqqan holda, talabgir sohalar bo'yicha o'qitish, maktab o'quvchilarini kasb-hunarga yo'naltirish borasida tizimli ishlar bajarilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta'minlash, maxsus daftarlarga kiritilgan fuqarolarni kambag'allikdan chiqarish, oilalarda barqaror daromad manbaini yaratish bugun kechiktirilmaydigan, ortiqcha ko'zbo'yamachilik hamda qarsakbozlik bilan berkitib bo'lmaydigan vazifadir. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, “eng og'ir, murakkab masalalarimiz ayollar bo'yicha. Xalqimizning talabi o'sib boryapti. Biz shu talablarga munosib sharoit yaratib berishimiz kerak”.
Darhaqiqat, xalq talabining murakkabligi hamda o'zgarib borishi haqida gap ketganda, monomarkazlar xizmatining izchilligini ta'kidlash joiz. CHunki o'zgarayotgan dunyoqarash, ortib borayotgan talabchanlik, rivojlanayotgan mehnat bozori va zamonaviy kasblarga ehtiyoj ta'sirida monomarkazlarda ham zamonaviy kasb-hunarga o'qitish jarayoni takomillashtiriladi.