Keyingi yillarda yurtimizda ilm-fanga munosabat tubdan oʻzgardi. Taʼlim sohasini isloh etish, ilmiy va innovatsion faoliyatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarga keng yoʻl ochildi. Sifatli taʼlim xizmatlari koʻrsatish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash yangilanishlarning pirovard maqsadiga aylandi.

Shu islohotlar jarayonida kasb-hunar taʼlimi sohasiga ham zamonaviy tamoyillar olib kirildi. Xalqaro andozalarga mos professional taʼlim tizimi joriy etildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni mazkur islohotlarning mustahkam poydevoriga aylandi. Sababi, unga muvofiq, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekistonda Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uygʻunlashgan yangi boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim darajalarini qamrab olgan professional oʻqitish tizimi hamda tabaqalashtirilgan oʻquv dasturlari joriy etiladigan taʼlim muassasalari tashkil qilindi. Mazkur dasturlar asosida tegishli kadrlar tayyorlaydigan oʻquv maskanlari roʻyxati tasdiqlandi.

Shunga hamohang tarzda professional oʻqitish tizimida tegishli taʼlim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional oʻquv muassasalari tarmogʻi yaratildi. Ayni paytda yurtimizda 339 ta kasb-hunar maktabi, 201 ta kollej, 185 ta texnikum faoliyat yurityapti.

Harakatlar strategiyasidagi ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, sifatli taʼlim xizmatlari imkoniyatini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish zarurligi qatʼiy belgilab berilgan.

Zotan, xalqaro mehnat bozori, integratsion jarayonlarning jadallashuvi, raqamlashtirish, sanoatdagi texnologik inqiloblar davri ham aynan shuni talab qilyapti. Zarur malaka va koʻnikmalarga ega, raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin mutaxassislari xalqaro andozalarga mos, professional taʼlim tizimida tayyorlanadi.

Shu maʼnoda, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti nafaqat taʼlim muassasalari, balki sohada innovatsion muhit, yangi makon yaratish ishlariga izchil kirishgan.

Jumladan, tizimdagi rahbar va pedagog xodimlar uchun yangicha mezonlarda oʻquv kurslari tashkil etilyapti. Mazkur oʻquv yilida malaka oshirishning yigirmaga yaqin yangi moduli joriy qilindi. Ikki yuzdan ortiq vizuallashtirilgan va raqamlashtirilgan yangi elektron taʼlim resurslari bazasi yaratildi.

Institut ayni paytda kasb-hunar taʼlimini innovatsion rivojlantirish hamda rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish yoʻnalishlarida faoliyat olib bormoqda. Tizimni qisqa vaqt oraligʻida rivojlantirish va jahon standartlariga toʻla moslashtirish maqsadida rivojlangan mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlarning ilgʻor tajribalari oʻrganilyapti. Jarayonda Germaniya, Shveysariya, Janubiy Koreya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlar, YUNESKO, Britaniya kengashi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa taʼlim fondi, Turkiya hamkorlik agentligi, Xitoyning Universitetlar uyushmasi kabi tashkilotlardan ikki yuzdan ortiq nufuzli ekspertlar jalb etildi. Ulardan zarur tajriba va xulosalar olindi.

Belarus Respublikasining Professional taʼlim respublika instituti bilan professional taʼlim sifatini oshirish, milliy malaka tizimini joriy etish va WorldSkills standartlari asosida kadrlar tayyorlash yoʻnalishlarini qamrab olgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Davlatimiz rahbari tomonidan xorijiy migrantlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha belgilab berilgan vazifalar doirasida Rossiya xalqlar doʻstligi instituti bilan hamkorlik oʻrnatilib, Oʻzbekistonda uning vakolatxonasi ochildi. Bu migrantlarga rus tilida muloqot qilish va rus tilida kasb oʻrgatish imkonini kengaytiradi.

Professional taʼlim rivoji sohada mehnat qilayotgan rahbar va pedagog xodimlar malakasini oshirish qay darajada sifatli yoʻlga qoʻyilganiga ham bevosita bogʻliq. Shu maʼnoda Vazirlar Mahkamasining joriy yil 26-fevraldagi “Professional taʼlim muassasalarining boshqaruv hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi mavjud muammo va kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, koʻzlangan maqsadga qisqa vaqt oraligʻida erishishga xizmat qiladi.

Qarorga muvofiq, rahbar va pedagog xodimlar, kasbiy faoliyat natijalari qayd etishning elektron portfoliosi (taʼlim platformasi) tizimi yoʻlga qoʻyildi. Shunga koʻra, kasbiy faoliyat natijalari va erishgan yutuqlariga asosan rahbarlar hamda pedagog xodimlar muqobil, masofaviy, malaka oshirish taʼlim muassasalari va uygʻunlashgan holda malaka oshirishga jalb qilinadi.

Shuningdek, qarorga asosan, boshqaruv va pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik salohiyatidan kelib chiqib, ularning kasbiy ehtiyojini qondirishga yoʻnaltirilgan uzluksiz malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash hamda oʻzlashtirish imkoniyati yaratildi. Malaka oshirish oʻquv rejalariga bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda boshqaruv kadrlarining faoliyatini amalga oshirish uchun zarur yangi modullar kiritilib, asosiy eʼtibor amaliyotga qaratildi. Oʻquv rejalardagi umumiy soatning kamida yetmish foizi amaliy darslarga ajratilgani shundan dalolat beradi.

Institut negizida professional taʼlim tizimini raqamlashtirish laboratoriyasi tashkil etilyapti. Parallel ravishda professional taʼlim tizimining barcha turdagi meʼyoriy va metodik mahsulotlarini yaratish, ishlab chiqilgan materiallarni taʼlim platformasida keng muhokamaga qoʻyish va yakuniy xulosalarga asosan tayyorlangan mahsulotlarni tajriba-sinov uchun amaliyotga kiritish boʻyicha ham saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Institut faoliyatida dual taʼlim prinsiplariga asoslangan tizimni joriy etish, professional taʼlim sohasida oʻz-oʻzini moliyalashtirish salohiyatini hosil qilish masalalari alohida oʻrin tutadi. Vazirlar Mahkamasining shu yil 29-martdagi “Professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish chora-tadbirlari haqida”gi qarori bu boradagi ishlarimiz jadallashtiradi.

Mamlakatimizda professional taʼlim boʻyicha yuritilayotgan davlat siyosati taʼlimning natijadorligiga qaratilganini sohada xizmat qilayotgan har bir mutaxassis yaxshi anglaydi. Zero, amalga oshirilayotgan bu islohotlar eskicha yondashuvlardan voz kechib, kadrlar tayyorlash jarayoniga innovatsion taʼlim texnologiyalarini jadal surʼatda tatbiq etishni nazarda tutadi.

Muassasamiz ham aynan mazkur talablardan kelib chiqqan holda faoliyatini yana-da jadal, yangiliklarga tashnalik ruhida davom ettiradi. Xorijiy tajribalar asosida pedagog xodimlarning malaka oshirishga, zarur bilim yoki maʼlumotlarga mavjud ehtiyojini aniqlash va qondirish, ularni malaka oshirish kurslariga jalb etishning yangi mexanizm va metodik taʼminotini yaratish biz uchun hamisha dolzarb vazifa boʻlib qoladi.

Zayniddin XUDOYBERDIYEV,

Pedagogik innovatsiyalar,

kasb-hunar taʼlimi boshqaruv hamda pedagog

kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini

oshirish instituti direktori, iqtisod fanlari doktori,

professor