Qarorga muvofiq, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi joriy etiladi.

Xorijda ishlashga ketishdan oldin Oʻzbekiston fuqarolarini kasb-hunarga va xorijiy tillarga oʻqitish amaliyotini samarali yoʻlga qoʻyish, ularga kasbiy malakani tasdiqlovchi xalqaro tan olinadigan sertifikatlarni berish tizimini joriy qilish mazkur tizimning asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.

Qarorga koʻra:

- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hududiy filiallariga umumiy rahbarlik qiladi;

- Hududiy filial rahbarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yordamchisi hisoblanadi;

- Hududiy filiallar xorijiy ish beruvchilar bilan kelishuvlar tuzadi hamda xorijga fuqarolarni ishga yuboradi.

Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar tashkil etiladi:

- Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Yapon tili va kasbiy malaka” test markazi;

- Fargʻona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida payvandchilar maktabi;

- Guliston shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida ishchilar tayyorlash oʻquv markazi;

- Namangan viloyatidagi professional taʼlim muassasalarida davlat xususiy sheriklik asosida “IT School” oʻquv markazlari, chet tillariga oʻqitish va xizmat sohasi boʻyicha kasblarga tayyorlash oʻquv markazlari.

Shuningdek, 2021-yil 1-yanvardan:

- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi”ga kiritilgan kam taʼminlangan oila aʼzosi tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yoʻli bilan vaqtinchalik ishlash uchun xorijga chiqayotganda ularga mikroqarzlar berish tartibi joriy qilinadi;

- mikroqarzlar xorijda ishga joylashish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun 10 mln soʻmgacha miqdorda 1 yil muddatga beriladi;

- mikroqarz foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin asosiy stavkaning 1,5 baravaridan koʻp boʻlmagan qismi kompensatsiya qilinadi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.