Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2021-yil I chorakdagi ijrosi yuzasidan boʻlib oʻtgan yigʻilishda, jumladan, mehnat migratsiya sohasida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari xususida ham toʻxtalib oʻtildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar berdi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri oʻrinbosari Bahodir Umurzoqov pandemiya davrida mehnat migrantlari masalasida juda koʻp muammolar tugʻilayotganini, shundan kelib chiqib, vazirlik uch yoʻnalishda – qonunchilik, tashkiliy va moliyaviy yoʻnalishlar boʻyicha ishlayotganini qayd etdi.

Mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamgʻarma tashkil qilindi va unga 1,5 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Bu mablagʻ, avvalo, chet ellarda qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizni Oʻzbekistonga qaytarishga sarflandi. Taxminan oʻtgan yilning oxiri va shu yilning fevraligacha 362 kishi qaytarib kelindi. Jamgʻarma hisobidan oʻtgan yili ish paytida chet elda halok boʻlgan 211 nafar yurtdoshimizning jasadi olib kelindi. Bitta jasadni Oʻzbekistonga olib kelish uchun kamida 25-30 ming dollar sarflanadi. Jamgʻarma hisobidan ularning janoza marosimlari, oilasini qoʻllab-quvvatlash va boshqa tadbirlarga mablagʻ sarflangan.

Vazirlik vakilining taʼkidlashicha, Rossiya, Polsha, Vengriya, Bolgariya, Ruminiya, Quvayt, BAA, Yaponiya va Janubiy Koreya bilan mehnat migrantlarini jalb qilish boʻyicha yil yakunigacha boʻlgan muddatda shartnoma imzolangan. Ular asosan til bilish va soha mutaxassisi boʻlish talabini qoʻymoqda. Hozir ularni saralash va til oʻrgatish ishlari olib borilmoqda. Yil oxirigacha rasman 500 ming nafar fuqarolarni chet elga ishlashga joʻnatish imkoniyati bor.