Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2022-yil 4-mart kuni oʻtkazilgan videoseleklor yigʻilishining 19-sonli bayoni hamda Oliy taʼlim muassasalari talabalari bandligini taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 18-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida joylarda talaba-yoshlar uchun turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuv va muloqotlar, mehnat yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida talaba-yoshlarning ijtimoiy sharoitini yaxshilash va bandligini taʼminlash maqsadida ish beruvchilar bilan hamkorlikda vakansiya va amaliyot yarmarkasi boʻlib oʻtdi.
Shu maqsadda, yuqorida belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq, Akademiyada “Kovorking ofislari” faoliyatini tashkil etish, talabalar ishlashi mumkin boʻlgan ish oʻrinlarini aniqlab, ish beruvchilar bilan hamkorlikda mehnat yarmarkalari, uchrashuvlar oʻtkazish rejalari ishlab chiqilgan.
Yarmarkada Toshkent shahridan 50 ga yaqin tashkilotlar oʻzlarining 1 ming 650 ta boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdi. Tadbirga kelgan talaba-yoshlar ish oʻrinlari bilan tanishib, mutasaddi tashkilot vakillarga oʻzlarini qiziqtirgan soha boʻyicha ishlash taklifi bilan ham murojaat qildi.
2021-2022 oʻquv yilida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasini 431 nafar talaba bitiradi. Oʻtkazilgan mehnat yarmarkalarida 150 dan ortiq bitiruvchi talabalar bandligi taʼminlandi. Shuningdek, 1-2-3-kurs talabalaridan ham 181 nafari bugungi kunda ish joyiga ega.
Akademiyada talabalar hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan mehnat yarmarkalari oʻtkazilishi muntazamlik kasb etgan boʻlib, joriy yil boshidan 15 dan ortiq talabalarning bandligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi. Birgina, 29-mart kuni taʼlim muassasasida Shayxontohur tuman hokimligi hamda tuman Aholini bandligiga koʻmaklashish markazi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan mehnat yarmarkasida 32 ga yaqin tashkilotlar oʻzlarining 534 ta boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashdi. Bundan tashqari joriy yilning 25-mart kuni oʻtkazilgan mehnat yarmarkasida 30 ga yaqin tashkilotlar oʻzlarining 1 ming 354 ta boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etishgandi.
Dunyodagi yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot markazlari orasida oʻz nufuziga ega boʻlib borayotgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida bugungi kunda 1 ming 670 nafar talaba tahsil oladi. Bakalavr yoʻnalishida 1 ming 430, magistratura bosqichida 240 talaba oʻqiydi.
Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon va Afgʻoniston davlatlaridan jami 39 (33 bakalavr, 2 magistrant, 4 doktorant) nafar xorijiy fuqaro tahsil olmoqda.
Ularga olimlar, sohaning yetuk mutaxassislari saboq beradi. Jahon hamjamiyatida yuqori nufuzga ega boʻlib borayotgan majmuada muntazam ravishda moddiy-texnik baza rivojlantiriladi. Yoshlar zamonaviy talabga mos taʼlim olishi uchun barcha sharoit muhayyo.
Muassasadagi 82 doktorantning 71 nafari PhD (4 kishi xorijlik – Tojikiston, Qozogʻiston va Rossiya fuqarolari), 4 nafari DcS darajasi olish uchun, 7 nafari esa stajor-tadqiqotchi sifatida ilmiy izlanish olib boryapti.
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari 100 dan ziyod muassasalarda malakaviy amaliyot oʻtaydi hamda mehnat faoliyatini olib boradi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlar idorasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, “Vaqf” fondi, OʻzR FA Sharqshunoslik instituti, OʻzRFA Tarix instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublika Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuratura akademiyasi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsion texnologiyalar ilmiy-innovatsion markazi, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligida akademiyani tugatgan mutaxassislar namunali faoliyat yuritib kelmoqda.
Bundan tashqari, viloyat, shahar va tuman hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va boshqa bir qator nufuzli vazirlik, tashkilotlarda Akademiya talabalari malakaviy amaliyot oʻtaydi hamda mehnat faoliyatini davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Sherzod Mahmudov