Xizmat safari yoki mehnat taʼtiliga koʻra yashash joyida boʻlmagan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi (maʼlumotnomasi) u vaqtincha boʻlgan joydagi tibbiy muassasada rasmiylashtiriladi.
Oʻrindoshlik asosida ishlovchi xodimga uning asosiy ish joyiga beriladigan mehnatga layoqatsizlik varaqasining nusxasi beriladi.
Xodim quyidagi holatlarda tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga yuboriladi:
- aynan bir kasallik boʻyicha mehnatga layoqatsizlik davri uzluksiz 4 oyni tashkil qilsa;
- aynan bir kasallik boʻyicha mehnatga layoqatsizlik davri tanaffus bilan 1 yilda jami 6 oyni tashkil qilsa;
- sil kasalligi birinchi marta aniqlanganda, mehnatga layoqatsizlik davri kamida 10 oyni tashkil qilsa;
- silga qarshi kurashish muassasasida hisobda turgan bemorda asosiy kasallik kuchayganda, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boshlangandan keyin mehnatga layoqatsizlik davri kamida 6 oyni tashkil qilsa.
Mehnatga layoqatsizlik varaqasi berish vakolati yoʻq tibbiy muassasalar:
- tez tibbiy yordam va qon bilan ishlash xizmati;
- shifoxonalarning qabul boʻlimlari;
- sud-tibbiy ekspertiza muassasalari;
- pansionat va sanatoriy-kurortlar;
- fizioterapiya, davolash fizkulturasi muassasalari.
Xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz boʻlganda, unga ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda nafaqa toʻlanadi.
Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi quyidagi hollarda beriladi:
- vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotish bilan bogʻliq kasallikda (shikastlanishda);
- sanatoriy-kurortlarda davolanganda;
- kasallangan oila aʼzosini parvarishlash zarur boʻlganda;
- karantinda;
- sil yoki kasb kasalligi tufayli vaqtincha boshqa ishga oʻtkazilganda;
- mehnat qobiliyatini tiklash yoki yasama aʼzo (protez) qoʻydirish uchun reabilitatsiya muassasalariga yotqizilganda.








