Xizmat safari yoki mehnat taʼtiliga koʻra yashash joyida boʻlmagan shaxslarga mehnatga layoqatsizlik varaqasi (maʼlumotnomasi) u vaqtincha boʻlgan joydagi tibbiy muassasada rasmiylashtiriladi.

Oʻrindoshlik asosida ishlovchi xodimga uning asosiy ish joyiga beriladigan mehnatga layoqatsizlik varaqasining nusxasi beriladi.

Xodim quyidagi holatlarda tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga yuboriladi:

  • aynan bir kasallik boʻyicha mehnatga layoqatsizlik davri uzluksiz 4 oyni tashkil qilsa;
  • aynan bir kasallik boʻyicha mehnatga layoqatsizlik davri tanaffus bilan 1 yilda jami 6 oyni tashkil qilsa;
  • sil kasalligi birinchi marta aniqlanganda, mehnatga layoqatsizlik davri kamida 10 oyni tashkil qilsa;
  • silga qarshi kurashish muassasasida hisobda turgan bemorda asosiy kasallik kuchayganda, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boshlangandan keyin mehnatga layoqatsizlik davri kamida 6 oyni tashkil qilsa.

Mehnatga layoqatsizlik varaqasi berish vakolati yoʻq tibbiy muassasalar:

  • tez tibbiy yordam va qon bilan ishlash xizmati;
  • shifoxonalarning qabul boʻlimlari;
  • sud-tibbiy ekspertiza muassasalari;
  • pansionat va sanatoriy-kurortlar;
  • fizioterapiya, davolash fizkulturasi muassasalari.

Xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz boʻlganda, unga ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda nafaqa toʻlanadi.

Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi quyidagi hollarda beriladi:

  • vaqtincha mehnat qobiliyatini yoʻqotish bilan bogʻliq kasallikda (shikastlanishda);
  • sanatoriy-kurortlarda davolanganda;
  • kasallangan oila aʼzosini parvarishlash zarur boʻlganda;
  • karantinda;
  • sil yoki kasb kasalligi tufayli vaqtincha boshqa ishga oʻtkazilganda;
  • mehnat qobiliyatini tiklash yoki yasama aʼzo (protez) qoʻydirish uchun reabilitatsiya muassasalariga yotqizilganda.