Ayol qachon hayotidan mamnun bo'lib yashaydi. Qachonki, farzanlari ko'zida quvonchni ko'ra olsa, o'zini jamiyatning teng a'zosi ekanini his qilsa, sevimli kasbi bilan shug'ullansa.
Bugun barcha sohalarda ayollar ulushi ortib borayotgani bejiz emas. Boisi xotin-qizlar qaysi yo'nalishda mehnat qilishni istasa, imkoniyat, sharoitlar yaratib berilyapti. Bularning zamirida esa, Prezidentimiz topshirig'i asosida xotin-qizlar bandligini ta'minlash, kasb-hunarga o'qitish orqali biror sohaning etagidan tutishlari va oila daromadiga hissa qo'shib, farovon hayot kechirishlarini ta'minlash yo'lidagi sa'y-harakatlar yotibdi, desak mubolag'a emas.
Samimiy chehralaridan quyosh balqqan, qiyinchiliklardan sira cho'chimaydigan Surxondaryoning mehnatkash, jaydari ayollari ham bugun ana shunday engilliklardan foydalanib, biri ishbilarmon, biri fermer, boshkasi katta korxona rahbariga aylanmoqda.
Yurtimizda kam ta'minlangan oilalar a'zolarini kasb-hunarga bepul o'qitish tizimining yo'lga qo'yilishi 1 million 329 ming aholiga ega vohaning 49,6 foizini tashkil etadigan xotin-qizlar uchun ayni muddao bo'ldi. Bugunga qadar 6090 nafar xotin-qizlar tadbirkorlikka jalb qilish va kredit ajratish masalasida yordam so'ragan bo'lsa, 76 foiziga kreditlar ajratilib, o'z ishini yo'lga qo'yib oldi.
Xayotimdan mamnunman
Sojida Shopo'latova Angor tumanining Qayran mahallasida istiqomat qiladi. Ikki nafar farzandini yolg'iz tarbiyalayotgan ayolga ro'zg'or tebratish oson emasdi. Xotin-qizlar muammolarini “Ayollar daftari”ni yuritish orqali tizimli ravishda hal etish tartibining yo'lga qo'yilishi Sojida opaning joniga oro kirdi. Ko'plab ayollar qatori imkoniyatlardan foydalanishga chog'landi. Qisqa vaqtda imtiyozli kredit asosida ikki sotix yerda issiqxona qurdirib, mehnat qilishga kirishib ketgan Sojida opa olayotgan daromadidan mamnunligini ta'kidlaydi.
— Oilaviy sharoitimiz og'ir edi, — deydi qahramonimiz suhbat davomida. — Bolalarning ustini butlash, kam-ko'stini to'ldirishga qiynalardim. Yashirmayman, suyagim mehnatda qotgan. Tomorqa ishlari, bir ekinni parvarishlab, hosilga kiritishdan zavq olaman. Mana shu mehnat ortidan daromad ko'rishim, tadbirkorlik faoliyatimni yo'lga qo'yishim uchun mablag' zarur edi. “Ayollar daftari”ga ro'yxatiga qo'yilganimdan so'ng 20 million so'm kredit ajratildi. Barchasi bunchalik tez va oson hal bo'ladi, deb o'ylamagan edim. Bugun hayotimdan mamnunman. endi bolalarim oldida chorasiz qolmayman. Pomidorlarimiz hosilga kirdi. Bozorga va mahallamizdagi do'konlarga olib borib sotyapmiz. Uyda turib daromad topish imkoniga ega bo'ldik. Mana shunday e'tibor va yaratilgan sharoitlar uchun qancha rahmat aytsak oz.
Sojida opa farzandlarini ham mehnat qilishga o'rgatadi. O'zining ta'kidlashicha, keyinchalik faoliyatini kengaytirib, ish o'rinlari yaratishni maqsad qilgan.
Bolalarim vatan bayrog'ini yuksaklarga ko'taradi
Harakat qilgan inson kaftdekkina tomorqadan ham yaxshigina daromad olishi mumkin. Surxondaryo viloyatida mutassadilar tomonidan 1 120 nafar xotin-qizlarga tomorqadan daromad manbai sifatida foydalanish uchun ko'maklashish rejalashtirilgan bo'lib, hozirgi kunga qadar 962 nafariga amaliy yordam ko'rsatildi.
Sherobodlik Nilufar Xolliyeva ana shunday ko'mak sabab bugun bir tomorqani kattagina anorzorga aylantirdi. Uch nafar farzandni yolg'iz tarbiyalab kelayotgan ona uchun bu juda quvonchli ish. Axir, har bir ekilgan nihol bolalarining kelajagi, to'kin hayotiga xizmat qiladi. Tuman hokimligi tomonidan Nilufar opaga 2000 tup anor ko'chati yetkazib berilgan. Ana shu ko'chatlar bo'y cho'zib, ko'zni quvnatib turibdi. endi onaning ertangi kunga ishonchi baland.
— Avvallari bolalarim kelajagi haqida o'ylashga qo'rqar edim, — deydi Nilufar Xollieva. — Sababi ishsiz edim. Mavsumiy ishlardan oladigan daromadim qozon qaynatishga bazo'r etardi. endi men ham kelajakka katta ishonch, teran nigoh bilan boqa olaman. Bolalarim oldida “yer chizmayman”. Mana shu anorzordan oladigan daromadimni bolalarimning yaxshi o'qishi uchun sarflayman. Ularni o'qitib, yaxshi kasb egasi qilishni dilimga tukkanman. Davlatimiz bizga shunchalik yordam qildi, men ham bir ona sifatida bolalarimni yurtimiz uchun munosib farzand qilib tarbiyalayman. Nasib qilsa, fan cho'qqilarini zabt etib, vatanimiz bayrog'ini yuksaklarga ko'taradi. Biz ayollarga ko'rsatilayotgan e'tiborga mana shunday javob qaytarishni niyat qilganman va bunga, albatta, erishaman.
Shubhasiz, bunday imkoniyatlar har bir ayolni mehnatga, izlanishga undaydi. So'nggi yillarda yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, bilim va kasbiy ko'nikmalar egallab, munosib ish topishlariga ko'maklashish, salomatligini saqlash kabi muxim masalalarni hal etishga qaratilayotgan e'tibor, g'amxo'rlik munis opa-singillarimizni vatanimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo'shish, yangi O'zbekistonni barpo etishning barcha sohalarida faol ishtiroq etishga undayotir. Bugun ularning aksariyati hayotidan rozi, dilida shukronalik hissi bilan yashayotgani boisi ham shundan.
Feruza JO'RAYEVA,
jurnalist