Maʼmuriy reglamentga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan talabgor malaka sertifikatini olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali murojaat qilishi mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmalari malaka imtihonini oʻtkazish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.
Vakolatli organ soʻrovnoma tushgan kundan boshlab 1 kun muddatda talabgorni malaka imtihoniga qoʻyish yoki rad etish maqsadga muvofiqligini oʻrganib chiqadi.
Malaka imtihoni guruhlar shakllanishiga qarab 2 oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Imtihonni oʻtkazish kuni, vaqti va joyi toʻgʻrisida maʼlumot imtihondan kamida 15 kun oldin, imtihonga qoʻyilgan talabgorlar roʻyxati esa imtihondan 5 kun oldin vakolatli organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
Imtihonni topshirishda talabgor pasport, identifikatsiya ID-kartasi yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatning aslini taqdim etadi.
Imtihon test sinovlari (kamida 75 ta savol) orqali oʻtkaziladi.
Umumiy imtihon vaqti 45 daqiqani tashkil etadi.
70 foizdan kam boʻlmagan savollarga toʻgʻri javob bergan talabgor imtihondan oʻtgan hisoblanadi.
Imtihon natijalari 2 kun muddatda eʼlon qilinadi.
Malaka sertifikatiga ega boʻlgan har bir talabgor sertifikat olgan yilgan har 3 yilda mehnatni muhofaza qilish sohasida malaka oshirish kurslaridan oʻtishlari shart.
Davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun BHMning bir baravari (270 ming soʻm), YAIDXP orqali murojaat etilganda mazkur summaning 90 foizi (243 ming soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi.