Mehr – hayotning ustuni

    Kuni kecha Adiblar xiyobonida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Ibo, hayo, nafosat – goʻzalligimiz timsoli” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

    Ayol – munis ona, gʻamxoʻr opa, mehribon singil demakdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarning jamiyatdagi, oiladagi muhim oʻrni haqida fikr bildirib: “Hammamiz yaxshi tushunamiz. “Mehr hayotning ustuni”, degan soʻzlarda chuqur maʼno va mazmun mujassam. Bu haqda gapirganda muqaddas ona, ayol zoti – chinakam mehr bulogʻi, mehr quyoshi desak, har tomonlama toʻgʻri boʻladi. Shu quyosh bor ekan, mehr – oqibat, ezgulik va adolat, vafo va sadoqat kabi buyuk qadriyatlar necha asrlardan buyon bezavol yashab kelmoqda”, deya bejiz taʼkidlamagan.

    Kuni kecha Adiblar xiyobonida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Ibo, hayo, nafosat – goʻzalligimiz timsoli” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Tadbirda Oʻzbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonimning shogirdlari, taniqli shoiralar, sanʼatkorlar, Zulfiyaxonim nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari hamda shoiraning ijodi borasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqiotchilar ishtirok etishdi.

    – Garchi kuz fasli boʻlsa-da, erta tongdan ustoz huzuriga gullar koʻtarib kelgan dilbar qizlar va yurtimizning faol ayollari qalblarga bahoriy iliqlik olib kirdilar, – deydi taniqli shoira Zulfiya Moʻminova. – Men ham ustoz haqidagi eng shirin xotiralarim bilan oʻrtoqlashdim. Zulfiyaxonim nafaqat mehr va sadoqat kuychisi, balki tinchlik, doʻstlik va mehr-oqibat kuychisidir. Bu sheʼriyatni – ulkan xazinani oʻrganishda davom etishimiz zarur.

    Darhaqiqat, Adiblar xiyobonidagi bu uchrashuvlar, tadbirlar biz unutmasligimiz kerak boʻlgan mavzularni eslatib turishi bilan qadrlidir. Bu ulugʻ darsxonada kechayotgan saboqlar ertaga oʻz mevasini berishi aniq.

    Nargiza ASADOVA,

    Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Yoshlar bilan ishlash boʻlimi mutaxassisi