Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari I.Meliboyev, M.Imomnazarova, Gʻ.Qayumovlarga tuman markazida qurib bitkazilgan barcha qulayliklarga ega xonadon kalitlari topshirildi.
– Yangi yil quvonchli voqealar boy boʻlmoqda, – deydi yangi uy sohibi Ikromjon Meliboyev. – Qoʻshimcha kvota asosida Fargʻona davlat universitetiga imtiyoz asosida talabalikka ham qabul qilindim. Bizga koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan cheksiz minnatdormiz.
Joriy yilda Fargʻona viloyatida yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarning 68 nafari barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy uy-joylar bilan taʼminlanadi.
Rasuljon Kamolov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.