Navroʻz bayrami munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar boʻlinmasi tashabbusi hamda “Xalq banki” boshqaruvining hamkorligi va homiyligida bolalarga quvonch ulashish maqsadida Chirchiq shahridagi 14-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Mehribonlik uyi hovlisiga oʻrnatilgan doshqozonda sumalak pishirildi.

Sumalak saylida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari oʻzlarining maʼnaviy-maʼrifiy dasturlarini namoyish etdi. Shundan soʻng mazkur 14-mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun Chirchiq shahridagi “Osiyo grand” tanatanalar saroyida bahoriy taomlar bilan bezatilgan bayram dasturxoni yozildi. Bayram tadbirida bolajonlarga sovgʻalar ulashildi. Ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar, raqslar, murgʻak qalblarga yanada koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

- Navroʻz bayrami munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirni oʻtkazishimizdan maqsad, mehrga muhtoj bolajonlarga xursandchilik ulashish, - deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar boʻlinmasi raisi, Xalq deputatlari Chirchiq shahar kengashi deputati Oʻtkir Tadjibayev. - Davlatimiz tomonidan mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarning ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan va ular hech bir narsaga ehtiyoj sezishmaydi, ammo ularning qalblari mehr-muhabbatga muhtoj, bunday tadbirlarning koʻproq tashkil etilishi esa murgʻak qalblariga quvonch va shodlik ulashiladi, vatanparvarlik hissi yanada ortadi.

Ilhom RAHMONOV tayyorladi