Joriy yilning 25-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti “Tillarni oʻrganish” kafedrasining bir guruh professor-oʻqituvchilari Qoʻqon shahridagi 12-Mehribonlik uyiga tashrif buyurib, oʻzlarining maʼnaviy tadbiri orqali tarbiyalanuvchilarga koʻtarinki kayfiyat ulashishdi. Tadbirda 12-Mehribonlik uyi rahbari A.Xoʻjaqulov, kutubxona mudirasi L.Vaxobova, Qoʻqon shahar Mintaqa boshligʻi N.Gʻofurov, Qoʻqon shahar qoʻriqlash boʻlim boshligʻi A.Haydarov hamda qator tarbiyachi va hamshira xodimlar ishtirok etdilar.
Tadbirga universitet professori Toʻlqin Saydaliyev moderatorlik qilib, yigʻilganlarni istiqlolimizning 30 yillik yubileyi bilan qizgʻin tabrikladi. Bu yerda tarbiyalanayotgan oʻgʻil-qizlarning Vatan ravnaqi uchun oʻz hissalarini qoʻshishlari, buning uchun muntazam ravishda bilim olishlari, maqsad sari olgʻa qadam tashlashlari lozimligini taʼkidladi. Bundan tashqari, tarbiyalanuvchilar eʼtiboriga oʻzbek adabiyoti olamida oʻchmas iz qoldirgan buyuk adiblar Abdulla Qodiriy, Oʻtkir Hoshimov va Tohir Malik hayoti va ijodiga bagʻishlangan qiziqarli tarixiy faktlar toʻgʻrisida soʻzlovchi videoroliklar va albomlar taqdim etildi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, tadbirga taklif etilgan yozuvchi, adabiyotshunos Sherkon Qodiriy bobosi Abdulla Qodiriy qalamiga mansub asarlarning yaratilish tarixi, undagi haqiqiy oʻzbekona obrazlarning qay darajada tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanligi haqida soʻzlar ekan, oʻzbek romanchiligi asoschisining millat shaʼni, gʻururi va orini himoya qilish yoʻlida chekkan alamli iztiroblari toʻgʻrisidagi qiziqarli maʼlumotlar tarbiyalanuvchilarni befarq qoldirmadi. Bu borada bahs-munozalar boʻldi. Bunday suhbatdan ilhomlangan Mehribonlik uyi bitiruvchisi Azizbek Hamdamov soʻzga chiqib, bu yil Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasiga aylanganligi toʻgʻrisidagi xushxabarni aytdi. Shuningdek u kelgusida yetuk harbiy jurnalist boʻlish orzusi bilan yashayotgani, shu sohada oʻtkazilayotgan tanlovlarda faol ishtirok etishga tayyoligini bildirdi. Tarbiyalanuvchilar orasida talaygina iqtidor egalari borligi ularning oʻzaro mushoirada faol ishtirok etganlarida namoyon boʻldi.
Tadbir davomida oʻqituvchilar tomonidan mahorat darslari oʻtkazildi. Tarbiyalanuvchilarga xorijiy tillarni intensiv usulda oʻrganishni nazarda tutuvchi metodik qoʻllanmalar topshirildi.
Tadbir yakunida tarbiyalanuvchilar kelgusida yanada qiziqarli uchrashuvlar tashkil etilishi, kasb tanlash borasida tajribali ustozlardan maslahat olish zarurati toʻgʻrisida joʻyali takliflarni oʻrtaga tashladilar. Qoʻqondagi farzandga muhtoj boʻlgan oilalar hamda savobtalab insonlar tomonidan 10 dan ziyod tarbiyalanuvchilar asrab olingani, ularning bagʻri butun oilalarda yashayotganliklaridan bolalarning mamnun ekanliklari barchamizni quvontirdi. Oʻylaymizki, bunday xayrli anʼana davom etajak.
Umid qilamizki, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining maʼnaviy jihatdan yanada yuksalishiga xizmat qiladigan bunday tadbirlar kelgusida oʻzining ijobiy natijasini beradi.
Oqiljon LATIPOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori,
Elmirza ERKAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti