Qarorga koʻra, “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining Bolalar uylari (oʻquv-tarbiya muassasalari) Milliy gvardiyaga biriktirildi.
Milliy gvardiya tarkibida oʻquv-tarbiya muassasalarida yoshlarning taʼlim va tarbiya olish jarayonlarini hamda ularning boʻsh vaqtini samarali tashkil etishga masʼul Milliy gvardiya qoʻmondonining oʻrinbosari lavozimi joriy etildi.
Qarorga koʻra, Oilaviy bolalar uylari va Bolalar uylariga hamda vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalarga (25 yoshga toʻlmagan) Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchi va xodimlari biriktiriladi.
Biriktirilgan harbiy xizmatchi va xodimlar yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning taʼlim-tarbiya olish ahvolini va maishiy shart-sharoitlarini oʻrganadi.
Oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari oʻrtasida ular tomonidan erishilgan natijalarni baholash orqali oʻquv-tarbiya muassasalarining reyting tizimi joriy qilinadi.
2022-yil 1-yanvarga qadar Jamoat xavfsizligi universitetida oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyachilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.
2021-yil 1-noyabrdan “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari tashkil etiladi.
Oʻquv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning ijtimoiy holati har yili kamida ikki marotaba oʻrganib boriladi.
Shunga koʻra, bu qizlar “Mehr daftari”ga kiritilib, ularni qiynayotgan masalalarni joyida hal qilishga hamda oʻquv-tarbiya muassasalaridan keyingi hayotida oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashiladi.
Shuningdek, har yili 25 nafar oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyachilari Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylarda bepul davolanadi.