Qarorga koʻra, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalarga maktabgacha taʼlim va tarbiya hamda umumiy oʻrta taʼlim berish jarayonlarini samarali tashkil etish uchun “Mehrli maktab” davlat taʼlim muassasasi tashkil etildi.
Mehrli maktab yuridik shaxs maqomiga ega boʻlib, Xalq taʼlimi vazirligi huzurida tashkil etiladi.
Mehrli maktabda quyidagi maktabgacha guruhlar faoliyat koʻrsatishi mumkin:
maktabgacha taʼlim gospital guruhlari – statsionar davolanayotgan, sogʻligʻi sababli maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bora olmaydigan 2 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun davolash-profilaktika muassasalarida tashkil etilgan guruhlar;
ilk rivojlanish yoshidagi bolalarga moʻljallangan oʻyin guruhlari – 1,5 yoshdan 2 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun statsionar davolash-profilaktika muassasalarida tashkil etiladigan guruhlar. Ularda parvarish qilish va nazorat qilish ishlari ota-onalarning faol ishtirokida tashkil etiladi;
maktabgacha taʼlim gospital guruhlari, ilk rivojlanish yoshidagi bolalarga moʻljallangan oʻyin guruhlari.
Davolanayotganlarni maktabgacha gospital guruhlariga qabul qilish Mehrli maktab tomonidan taqdim etiladigan roʻyxatlar asosida amalga oshiriladi.
Markazda davolanayotganlar uchun alohida ishlab chiqilgan oʻquv rejasi asosida 1–11-sinflar hajmida umumiy oʻrta taʼlim beriladi.
Dars mashgʻulotining davomiyligi boshlangʻich taʼlim (maktab)ning 1–4 sinflarda – 35 daqiqa, 5–11 sinflarda – 40 daqiqa boʻladi.
Bunda bir kunlik dars mashgʻulotlari 1–4 sinflarda 3 soatdan,
5–11 sinflarda 4 soatdan oshmasligi lozim.
Oʻquv haftasi davomiyligi 5 kunlik asosida olib boriladi.