Toshkent Xalqaro biznes markazida tashkil etilgan davra suhbati ana shu kabi maqsadlar ijrosiga qaratildi. “O'zbekiston va Rossiya ishbilarmon doiralari o'rtasidagi sanoat korporatsiyasi” mavzuidagi muloqotda rus hukumati vakillari mamlakatimizga investitsiya kiritishning istiqboli haqidagi iliq fikrlarini bayon etdilar.

— Bir nechta vazirlik va idoralar rahbarlari mamlakatimizning ishlab chiqarish, eksport hamda savdo salohiyati, xalqimizning tadbirkorlik va ishbilarmonlik qobiliyati hamda O'zbekistonning jahon bozoriga tashlayotgan dadil qadamlari xususida ma'lumot berdilar, — deydi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov. — SHu bilan bir qatorda qaysi soha yoki tarmoqlarga investitsiya kiritish mumkinligi borasidagi taklif va prognozlarini ham bayon etishdi. Bu uchrashuv investorlarni jalb qilish bilan bir qatorda xalqaro hamkorlikning uzviy davom etishiga zamin ham yaratadi. 

O'zaro muloqotdan so'ng, “O'zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vazirligi o'rtasida sanoat, tashqi savdo va nvestitsiya sohalarida hamkorlik to'g'risida” memorandum hamda “Innoprom. O'zbekistonda katta sanoat haftaligi” xalqaro sanoat ko'rgazmasini tashkil etish va o'tkazish hamda “Loyihalar ofisi” doirasida amalga oshiriladigan loyihalar ro'yxatini tuzish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi imzolandi.

Sohiba MULLAEVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri