Yoshlar forumi doirasida tashkil etilgan aksiyada 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan fuqarolar, harbiy xizmatchilar, talaba-yoshlar, davlat xizmatchilari, koʻngilli yoshlar va keng jamoatchilik vakillari donor sifatida ishtirok etdi.

Mazkur tadbir Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda joylashgan Respublika qon quyish markazlari, Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutlari, viloyat markazlaridagi tibbiyot muassasalarida ham oʻtkazildi.

Gematologik, onkogematologik va boshqa davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan yoshlarga tibbiy yordam koʻrsatish, ushbu kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish va ularni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish hamda yoshlarda olijanoblik, bagʻrikenglik tuygʻularini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan xayriya tadbirida gepatitga chalinmagan, “D” roʻyxatda turmaydigan sogʻlom fuqarolarning donor sifatida ishtirok etishlari taʼminlandi.

Joylarda karantin bilan bogʻliq talab va cheklovlarga qatʼiy rioya qilingan holda har bir donor aksiya oʻtkazilishi kuni ertalab belgilangan tartibda Respublika va viloyat qon quyish stansiyasi mutasaddilari tomonidan har bir xodim maxsus nazorat koʻrigidan oʻtkazilishi hamda ruxsat etilgan taqdirda donorlikka roʻyxatga olinishi eʼtiborga olindi.

Joylardagi aksiya soʻngida donorlar tomonidan “Men donorman”, “Ezgulik albatta qaytadi” “Yoshlar forumi-2021” shiorlarida fleshmoblar tashkil qilindi.

Aksiya davomida topshirilgan “qon preparatlari” Onkologiya va gematologiya markazlarida davolanayotgan bolalar uchun begʻaraz beriladi hamda “albumin” dori vositalari ajratiladi.

Maʼlumotlarga koʻra, xayriya qon topshirish aksiyasida jami 3 ming 120 nafar koʻngillilar ishtirok etib, 1 ming 404 litr qon topshirishgan.

Yoshlar ishlari agentligi Axborot va media xizmati