Bugun yurtimizning qay goʻshasiga bormang, qalbi gʻurur-iftixor tuygʻulariga toʻlgan, shijoatidan oʻt chaqnaydigan, iqtidorli va izlanuvchan yoshlarning bilimga chanqoq nigohlariga duch kelaveramiz. Ularning qoʻlga kiritgan yutuqlarini va izlanishlarini koʻrib, koʻnglimizda ajib tuygʻular uygʻonadi. Bular bizning shijoatli ukalarimiz, olamshumul yutuqlarni qoʻlga kiritayotgan iqtidorli singillarimiz, kelajagimiz davomchilari, qadami qutlugʻ, niyati ezgulikka toʻla isteʼdodli farzandlarimiz, deya baralla bong urgimiz keladi...

Moʻjazgina maqolamiz qahramoni saodatli va yorugʻ kunlarga ishonch bilan qadam tashlayotgan rassom, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti ikkinchi bosqich magistranti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibasi Gulnoz Jalolovadir.

Dorilamon kunlar shabadasi

Gulnozning yutuqlarini sanayversak, nazarimda, barakasi uchib ketadiganday. Chunki bugun nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijda ham yosh ijodkorning bir qancha muxlislari bor. Moʻyqalami sehri bilan nainki ona tabiatni, balki olamni rangin boʻyoqlarga boʻyab, ezgulik va yaxshilik tuygʻularini odamlar qalbiga musavvir sifatida singdirishga harakat qilayotgan Gulnozning chindan ham benazir isteʼdodi bor.

24 yoshli rassom qizimiz turli tanlovlarda ishtirok etib, nufuzli oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelmoqda. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan oʻtkaziladigan Tasviriy va amaliy sanʼat festivalida diplom va sertifikatlar bilan taqdirlangan. 2018-yilda ushbu festivalning oltin medalini qoʻlga kiritgan. 2020-yil dekabr oyida Ispaniyaning “Daliʼs Mustache” xalqaro onlayn tanlovi hamda Moskva shahrida ­oʻtkazilgan “New year planet — 2020» xalqaro festivalida birinchi oʻrin sohibasi boʻldi. “Bahor vernisaji”, “Navroʻz”, “Mening Oʻzbekistonim” kabi respublika koʻrgazmalarida ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritdi.

2021-yil — Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yiliga bagʻishlab “Rangli tushlar” nomli shaxsiy koʻrgazmasi tashkil etilishi ham yosh rassomning istiqbolli kelajagi yoʻlida ochilgan nurli eshiklardan biridir. Koʻrgazmada uning turli mavzudagi 40 dan ortiq rangtasvir ishi namoyish qilindi.

Yosh musavvirning bunday yutuqlarni qoʻlga kiritishida onasi Oʻgʻiloy opaning ham kattagina hissasi bor. Opa bilan suhbatlashar ekanmiz, farzandining yutuqlaridan qalbi sevinchga toʻlsada, koʻngli tubida bir qancha kemtikliklari borligi sezilib turardi.

Yangi Oʻzbekistonning shaffof nafasi

— Baʼzi odamlar bu dunyoda haqiqat yoʻq, deb oʻylaydi. Hammasi qogʻozda, quruq gap, deyishadi. Bir vaqtlar men ham shunday xayolga borganman. Yuragim kuyib, dilim iztirobga toʻlgan vaqtlar, nahotki, bolaginamning Xudo bergan qobiliyatini bandasi koʻrmasa, deya bagʻrim oʻrtanardi. Esini taniganidan beri qoʻlidan qogʻoz va qalam tushmaydigan Gulnoz qizimning chizgan suratlariga nigoh tashlar ekanman, shunday isteʼdod uvol boʻladimi, uning samarasi yuzaga chiqmaydimi, qizimning shijoati, qiziqishi va iqtidori soʻnib ketadimi, deb yigʻlagan kunlarim koʻp boʻlgan... Negaki, men qizim bilan barobar qadam tashlaganman, u chizgan suratlarni oʻzim saralab, yirik tanlovlarga yillab hujjat topshirganman. Lekin bolam tuman va shahar bosqichidan nariga oʻta olmagan. Uning qobiliyatini koʻra bila turib ham tanlovlarda gʻirromlik qilganlar, haqiqatdan koʻz yumganlar boʻlgan. Bolaligidan qoʻliga qalam olib, qogʻoz topmasa, yergami, devorgami chizib ketaveradigan qizimni 7 yoshidan boshlab rasm toʻgaraklariga berganman.

Allohga shukrki, deyarli 5 yildan beri qizim eng yuksak yutuqlarga erishib kelyapti. Dorilamon kunlar shabadasi Prezidentimiz gʻamxoʻrligi ostida men va menga oʻxshagan onalarning bagʻriga musaffo va toza havo olib kirdi, farzandlarimizning yuksak yutuqlarini koʻrishga ham muvaffaq boʻldik. Bu yangi Oʻzbekistonning huzurbaxsh va shaffof nafasi, qatʼiyatli qadamlari edi, haq soʻzi va haqiqatni yuzaga chiqara olgan qutlugʻ qadami edi...

Oʻgʻiloy opa Dehqonovaning goh ezgʻin va dilgir, goh quvonch va shodliklarga toʻla suhbatini tinglar ekanman, dunyoda ona kabi mehribon va jonkuyar zot yoʻqligiga yana bir bor amin boʻldim. Shu bilan birga, unga qarata: “Opa, endi siz oʻtmishga oʻgirilib ham qaramang, kelajakning yorugʻ va yolqinli ranglariga boqing, bugungi kunning farahbaxsh onlari bilan faxrlaning”, degim keldi.

Darvoqe, Gulnoz oliy oʻquv yurtiga ham grant asosida qabul qilingan. Bu uning teran tafakkuri va chuqur bilimidan darak beradi. U institut tomonidan talaba-yoshlarning ijodini qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazilgan “Besh tashabbus — besh imkoniyat” tanlovida “Tashabbuslar asosidagi oʻzgarishlar” nomli asari bilan ishtirok etib, “Eng yaxshi tasviriy sanʼat asari” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Bugungi kungacha uning 4 ta shaxsiy koʻrgazmasi namoyish qilinib, muxlislar eʼtiborini qozongan.

— Men juda ham baxtli qizman. Ayniqsa, Prezident stipendiyasi sohibasi boʻlish menga ulkan quvonch baxsh etdi. Bu eʼtirof ijodiy barkamollikka erishishim, yana-da yuksak marralarni zabt etishimda kuch-gʻayrat bagʻishladi. Xotin-qizlarga, ayollarga mana shunday yuksak hurmat bilan qaraladigan goʻzal yurtda yashashimning oʻzi buyuk bir baxtdir, — deydi Gulnoz Jalolova.