Joriy yilning 21-fevral kuni kompyuter oʻyinlari klubida sodir boʻlgan janjal videotasviri ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Fargʻona viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati maʼlum qilishicha, 1998-yilda tugʻilgan Fargʻona shahar «Maʼrifat« koʻchasida 14 uyda yashovchi Vallomov Otabek Baxtiyorjon oʻgʻli 2025-yilning 21-fevral kuni tanishlari Gʻ.M.,Q.M., M.N., O.M. va M.H. bilan bir guruh boʻlib, Fargʻona shahridagi Oftob koʻchasida joylashgan oʻyingohda baqir-chaqir qilib, jamoat tartibi va mijozlar tinchini buzadi.
Ushbu klub ish yurutuvchisi Xudoynazarov ularni tartibga chaqirganda guruh janjal chiqarib, unga tan jarohati yetkazdi.
Bundan tashqari Otabek Vallomov oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, janjalning oldini olishga uringan shaxslarga qarshilik koʻrsatib, ularni ham uradi.
Mazkur holat yuzasidan Vallomov va uning besh nafar sherigiga nisbatan Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va guruh qamoqqa olindi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur guruhdan jabrlanganlar xabar berishlari soʻraldi.









