Muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan va mashhur kompaniyada ishlashni hamma orzu qiladi. Ajoyib muhit, yaxshi va zamonaviy shart - sharoitlar va o‘z mutaxassisliging bo‘yicha ish - aslida, omadi kelgan bitiruvchilargagina nasib etadi. Buning uchun bitiruvchi - yoshlardan nima talab etiladi - albatta, chuqur bilim. Bugun ana shunday kompaniya vakillari SamDVMCHBUda bitiruvchi kurs talaba - yoshlari bilan uchrashdi. Xalq tilida "PURE MILKY" nomi bilan tanilgan, tan olingan "Siyob - Shavkat - Orzu" MCHJ vakillari mustaqil hayot ostonasida turgan yoshlar bilan muloqotda bo‘lishdi.


Uchrashuvni universitet rektori, professor Yunusov ochib berdi. Kompaniya mahsulotlari O‘zbekiston bozorida allaqachon trendga aylangani, "PURE MILKY"ning sifatli va hamyonbop, tabiiy mahsulotlari kirib bormagan xonadon mamlakatimizda topilmasligi, ana shunday taniqli kompaniya bugun universitet bilan mutaxassis - kadrlar borasida hamkorlik qilishga tayyor ekani xususida gapirdi. Darhaqiqat, ayni kunda aholining deyarli barcha qatlamlari - bolalar va kattalar sevib iste’mol qiladigan - yogurt, qatiq, qaymoq, qolaversa ichimliklar, o‘simlik yog‘lari aynan shu kompaniya zavodlarida tayyorlanadi.





Uchrashuv davomida Kompaniya taqdimoti ishtirokchilar hukmiga havola etildi. Faoliyat boshlaganiga 24 yil bo‘lgan "Siyob - Shavkat - Orzu" MCHJ (1999 yilda asos solingan) ayni kunda ko‘p tarmoqli kompaniya bo‘lib, bu yerda qishloq xo‘jalik mahsulotlari, go‘sht va sut qayta ishlanib, tayyor mahsulot sifatida iste’molga chiqariladi. Kompaniyaning 27 yoshli bo‘lim boshlig‘i Jahongir Atayevning ma’lumot berishicha, u ayni kunda 24 ta mini kompaniyani birlashtirgan (har biri alohida faoliyat turi bilan shug‘ullanadi). 8000 nafar xodim faoliyat ko‘rsatadi. Sut yo‘nalishini olsak, bir kunda 150 tonna tabiiy sutni qayta ishlab, undan 84 xildagi tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ayni kunda oziq - ovqat mahsulotlari Markaziy Osiyo davlatlariga ham eksport qilinmoqda. O‘zbekistonning barcha viloyatlarida sotuv bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.


Uchrashuv davomida mehmonlar 20 dan ortiq mutaxassisliklar bo‘yicha kompaniyada vakansiyalar mavjudligi, kimlar bu yerda ishlashi mumkinligi, qoidalar va talab etiladigan bilimlar xususida muloqotda bo‘ldilar. Bitiruvchilarning barcha savollariga mutasaddilar tomonidan javob berildi. Uchrashuv davomida mehmonlar yoshlarning bilimini ham sinovdan o‘tkazishdi. Musobaqada g‘olib bo‘lganlarga sovg‘alar taqdim etildi.

