Mening 19 nafar o'g'lim 9 nafar qizim bor. Ajablanyapsizmi? Ikki nafari o'zimning farzandim. Qolganlarining bari 14 yoshni qarshilagan va qarshilayotgan qorako'z o'quvchilarim. Mana shu bolajonlarim, jonimning bo'laklari — shogirdlarimning kamolini ko'rmoqlik oliy maqsadim. Nasib qilsa, bunga albatta, erishaman. Zero, davlatimiz rahbari tomonidan ustozlarga berilayotgan e'tibor, ularning sharaflanishi va albatta "Yangi O'zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi" — deya ta'kidlagani men kabi ustozlarning kuchiga kuch, g'ayratiga g'ayrat qo'shdi. Kitobiy tilda aytganda, dengiz tubidan to etti osmon qadar parvozga shay qanotlar baxsh etdi. Bugun o'qituvchilarga berilayotgan keng imkoniyatlar respublikamizning har bir hududida ta'lim sifati bilan birga o'qituvchining ham nufuzini oshirishda muhim omil bo'lmoqda.
Prezidentimiz yaqindagina viloyatimizga tashrifi davomida turli jabhalarda borayotgan ish jarayonlari bilan tanishdi, ko'p joylarni borib ko'rdi. Mahallalarda odamlar bilan hamsuhbat bo'ldi. Ayniqsa, "Men andijonliklarni yaxshi ko'raman, bu erdagi hamma vatanparvar" degan so'zlarini eshitganimda, quvonchim ichimga sig'may ketdi va Prezidentimizga "Hurmatli Prezident, men o'qituvchiman. Mening o'quvchilarim boburiyzoda o'quvchilar. O'zbekiston uchun nihoyatda kerakli va jonkuyar insonlar bo'lib etishadi. O'zbek aql-ziyo brendini butun dunyoga namoyon etadi. Har qanday sohaning o'sish nuqtasidan to marraga yetgunga qadar boburiyzoda o'quvchilarim, bo'lajak daholarim bilan yoningizda kamarbastaman", dedim. Shu so'zlarim yurtboshimizning menga 3 xonali uyni tuhfa etishiga sabab bo'ldi. endi aytingchi, qaerda ko'rgansiz faqat yuksak rejalari, hali amalga oshmagan maqsadlari uchun taqdirlangan ustozni?! Bu taqdirlov men va oilam uchun juda katta xursandchilikka sabab bo'ldi. Xudo xohlasa, qo'limda ta'lim olayotgan o'quvchilarim dunyo minbarlarida O'zbekiston atalmish yurtning bayrog'ini, shoni va shavkatini tog'lardan-da yuksaklarga ko'tarishiga bor imkoniyatim, salohiyatimni safarbar etaman. Mening tirishqoq o'quvchilarim singari yurtimizdagi minglab ertamiz egalari nafaqat sportda, bilimda ham rekord darajalar ko'rsata olishiga ishonaman.
So'zim yakunida avvalo, ilm-ma'rifat rivojiga beqiyos hissa qo'shayotgan, Uchinchi Renessans sari katta karvonni etaklayotgan muhtaram Prezidentimizga mingdan ming tashakkur aytaman. Shuningdek, viloyatimiz hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning yangi uy kalitini topshirayotib "Biz sizga ishonamiz, ustoz" degan so'zlari, xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bildirgan samimiy tilaklar, boshqarma boshlig'i Azizbek Mirkomilovning yuksak ishonchi uchun o'z minnatdorchiligim, cheksiz hurmatimni bildiraman. Uy juda ham chiroyli va shinam. Hech mubolag'asiz aytaman, bunday uylarni faqat kinolarda ko'rganman. Uyni nomimga o'tkazib berishdi. Men bugun Yangi O'zbekistoning eng baxtli o'qituvchisi, baxtdan masrur qiziman. Quvonchlarim qalbimga sig'may, minnatdorligim ifodasi sifatida ushbu she'rimni qog'ozga tushirdim.
Vatan madhing uchun so'zlarim ojiz,
Loyiq so'z topolmay hijolatdaman.
Baxtli yoshlik berding, iqbollar berding
Istiqlol qo'ynida farog'atdaman.
Andijon tongida urmoqda bonglar,
Keng qirlar bag'rida hayot chashmasi.
Har bir yosh qalbida shijoat, shiddat
Yangi Andijonning bu nishonasi.
Qo'llarim ko'ksimda, qalbim poyondoz,
Farang-u Olmonga andoza xalqim.
Buyuk daholarga bo'lolgan mayoq
Yangi Andijoning muborak yurtim!
Andijon viloyati, Qo'rg'ontepa tumanidagi
12-maktabning ona tili va adabiyot o'qituvchisi
Mehrinoza Jiyanaliyevaning so'zlarini "Yangi Oz'bekiston"muхbiri Munojat Mo'minova yozib oldi.