“Mendirman” klipi AQShda mukofot oldi

    Madaniyat 4 Iyun 2023 1242

    Ayni kunlarda AQSHning Los-Anjeles shahrida “Cine Gear Expo 2023» texnologiya, koʻngilochar va media sanoati xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.

    1-4-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan mazkur tadbir kino va televideniye havaskorlari hamda professionallari uchun moʻljallangan boʻlib, unda yangi texnologiyalar bilan tanishish, qisqa metrajli filmlarni tomosha qilish mumkin.

    Quvonarlisi, 60 dan ortiq davlatdan kelgan ishtirokchilar orasida oʻzbekistonlik ijodkorlar ham. “9999” studiyasi Ozodbek Nazarbekovning “Mendirman” qoʻshigʻiga suratga olingan videoklipi bilan “Musiqiy va qisqa metrajli filmlar” nominatsiyada ishtirok etdi va “Eng yaxshi klip”deb eʼlon qilindi. Rejissyorlar Nodir va Xurshid Sobirovlar tomonidan ishlangan ushbu klip mutaxassislar va tomoshabinlarda katta taassurot qoldirgan.

    Koʻrgazma ushbu sohadagi yangi texnologiyalar va ish uslublarini oʻrganish istagida boʻlgan kino va televideniye sohasi mutaxassislari va havaskorlarini birlashtiradi. Tadbir soha yetakchilari bilan muloqot qilish, qiziqarli seminar va mahorat saboqlarida qatnashish, tanlovda ishtirok etayotgan filmlarni tomosha qilish, sovrin va mukofotlarni qoʻlga kiritish imkonini beradi.

    Cine Gear Expo koʻrgazmasida oʻz tajriba va bilimlarini tomoshabinlar bilan baham koʻradigan soha yetakchilarining chiqishlari tashkil etiladi. Stiven Poster, Lourens Sher, Ava Berkovskiy va boshqlar shular jumlasidan. Ular kino va televideniye bilan bogʻliq turli mavzularni, masalan, yangi texnologiyalar, ish uslublari, ijodiy yondashuvlar, malaka oshirish va boshqa muhim mavzularni muhokama qilmoqda.

    Filmlar tanlovi koʻrgazmasining bir qismi boʻlib, unda yangi texnologiyalar va ijodiy yondashuvlar yordamida suratga olingan qisqa metrajli filmlar namoyish etiladi. Tanlov uchta toifaga boʻlingan: Reklama/musiqiy videolar, mustaqil qisqa metrajli filmlar va talabalar filmlari.

    Filmlar soha mutaxassislaridan iborat hakamlar hayʼati tomonidan oʻziga xoslik, syujet, rejissyorlik, kinematografiya va boshqalar kabi turli mezonlar boʻyicha baholanadi. Gʻoliblar Sony, Canon, Panasonic, Blackmagic Design va boshqa tanlov homiylari tomonidan mukofotlanadi.