Kitob — insonning eng yaqin doʻsti va maslahatchisi, aql qayrogʻi, bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai boʻlgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, moʻtabar va muqaddas hisoblagan. Kitob yoshlarni ona Vatanni sevishga, uni ardoqlashga, himoya qilishga, oʻz xalqiga xizmat qilishga oʻrgatadi. Shuning uchun kitobga muhabbat, uni qadrlash, oʻqishga ishtiyoq xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.

Shu maʼnoda bugungi kunda yoshlar oʻrtasida kitobxonlik va kitob oʻqishni keng targʻib etishga muhim vazifalardan biri sifatida qaralyapti. Buning amaldagi koʻrinishini Prezidentimizning yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha beshta muhim tashabbusining toʻrtinchi tashabbusi “Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish” yoʻnalishi boʻyicha amalga oshirilayotganligini tizimli ishlarda yaqqol ifodasini koʻrishimiz mumkin boʻladi.

Ayni shunda ezgu maqsadda joriy yilning 23-dekabr sanasida Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatrida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari, shoir Botir Ergashevning “Mendirman oʻshal...” kitobi taqdimoti hamda nazm va navo kechasi boʻlib oʻtdi.

Taqdimot marosimida shoirlar, yozuvchilar, sanʼat ustalari, adabiyotshunos olimlar hamda kitob ixlosmandlari ishtirok etdi. Tadbirda soʻz olganlar Botir Ergashevning ijodiy yoʻli, sheʼrlarida Vatanni, xalqni, millatni, insonni ardoqlashga qaratilgan insoniy fazilatlar oʻquvchini qalbiga iliqlik olib kelishini alohida taʼkidlab oʻtdi. Yangi nashr etilgan “Mendirman oʻshal...” kitobi har bir ishtirokchiga tuhfa etildi.

Tadbir davomida Botir Ergashev sheʼrlariga bastalangan kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga havola etildi.

Munojat Moʻminova