Bu yilgi 8-dekabr sanasi men va oilam uchun unutilmas kun boʻldi. Yurtimizda kechirimlilik, bagʻrikenglikni qamragan qonunchilik islohotlari, inson omiliga qaratilayotgan eʼtiborning natijasini oʻz misolimda koʻrib turibman.

Namangan shahrining “Beruniy” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qilaman. Yurtboshimizning farmoni bilan kuni kecha afv etilgan 104 nafar fuqaro qatori men ham hozir uydaman. Xonadonimga Namangan shahar mutasaddilari - mehnat, tibbiyot, ichki ishlar va diniy idora vakillari kelib, holimdan va sharoitimdan xabar olishdi, koʻnglimni koʻtarishdi. Tezroq tiklanishim va moliyaviy jihatdan qiynalmasligim uchun davlat tomonidan ajratilgan moddiy yordam pulini berib ketishdi. Ertaga esa sogʻligimni nazoratdan oʻtkazish va mustahkamlash maqsadida imtiyozli tibbiy koʻrikka boraman.

Toʻgʻrisi, bunchalik gʻamxoʻrlikdan hayajondaman, xijolatdaman va qarzdorman. Munosib oylik asosida ish taklif qilishdi. Yangi yilgacha biroz dam olib, yaqinlarim bagʻrida koʻproq boʻlmoqchiman, chunki ularni juda sogʻinganman, bayramni koʻtarinki ruhda nishonlamoqchimiz. Ha, yangi yildan yangi hayotga qadam tashlayman. Yanvar oyi boshidan ish joyiga borib, kuchim yetganicha jamiyatga foydam tegishi, amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi bunyodkorlik jarayonlariga kamarbasta boʻlish uchun astoydil harakat qilaman. Inson huquqlari, manfaatlari va qadri ustuvor boʻlgan tinch diyorda yoshayotganimdan, shaxsimga bildirilgan ishonchdan gʻoyat xursandman!

Hududimizda koʻp ijobiy oʻzgarishlar boʻlibdi. Hamma foydali yumush bilan mashgʻul, dunyoning shirin tashvishlari va yaxshi yashash bilan andarmon, yoshi ulugʻlarimiz duoda. Hayotda qayta qoqilmasligim va meni atrofdagilardan alohidalab qoʻymayotganliklari, samimiy munosabatda boʻlayotganliklari, har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotganliklari uchun jamiki rahbarlardan, qoʻni-qoʻshnilardan, sinfdoshu ustozlarimdan, yoru birodarlarimdan cheksiz minnatdorman. Meni chiroyli kutib olgan va bizga mehr-oqibat koʻrsatayotgan barchadan behad mamnunman. Yiqilganni suyash va adashganga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish kabi azaliy qadriyatlarimizning amaliy ifodasidan qanchalik taʼsirlanayotganimni oʻzim bilaman.

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri

Orifjon JOʻRAYEV yozib oldi.