- Allo, bu portalmi?
- Assalomu alaykum, hurmatli fuqaro, Siz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga qungʻiroq qildingiz. Siz qanday masalada murojaat etmoqchisiz?
- Erim men bilan ajrashmoqchi!!!
- Hurmatli fuqaro, murojaatingizni batafsil aytib bersangiz.
- Yoshim 32 da, ikkita farzandim bor. Turmush oʻrtogʻim esa 31 yoshda! Agar men yoshimni 1 yoshga kichraytirmasam, erim men bilan ajrashmoqchi! Ikki bolam yetim qolmasin, iltimos yoshimni bir yoshga kichik qilib oʻzgartirib berishsin!
- Hurmatli fuqaro, ismi sharifingiz, bogʻlanish uchun maʼlumotlarningizni aytsangiz, murojaatingizni tegishli vakolatli organga yuboramiz....
Yuqoridagi suhbatda biroz toʻqima borligi rost, unga biroz adabiy sayqal berildi xolos, ammo mazmun oʻsha-oʻsha!
Ushbu fuqaro joriy yilning, aprel oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat qilganidan soʻng, ushbu murojaat tegishliligi boʻyicha Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasiga yuborildi. Masʼul xodimlar murojaatda yozilgan talabni oʻqib, ishonish yoki ishonmaslikka hayron boʻlib qolishdi.
Biroq, boshqarma xodimlari fuqarolarning har bir murojaatiga batafsil va asoslantirilgan javob berishlari lozimligini eslarida tutib, murojaatchining arizasida koʻrsatilgan raqamlarga qoʻngʻiroq qilib, asl sababni aniqlashga kirishishdi.
Murojaatchi bilan bogʻlanilganda, bu mazmundagi murojaat qilishiga nima turtki boʻlgani, qanday asoslari borligi aniqlashtirishga haraqat qilindi.
Fuqaro turmush oʻrtogʻidan yoshi kattaligini aytib, shu sababli ham yoshini oʻzgartirishni soʻrab murojaat etganini takror va takror aytardi. Shuningdek, bir farzandi bu yil maktabga chiqishi kerakligi, lekin shu “yoshi” bilan bogʻliq masalasi oʻzgarmaganligi sababli chiqara olmay qolishidan havotirda ekanligini bildirdi.
Qonunchilik normalariga koʻra, xususan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasining 387 – sonli Qaroriga asosan, dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirishlar, tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
- “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasi asosida tarixiy va milliy anʼanalarga rioya qilish maqsadida familiyasi, ismi, otasining ismini yozdirish istagi boʻlganda;
- otalik belgilanganda;
- farzandlikka olinganda;
- ota-onaning oʻzaro kelishuviga koʻra (shuningdek ota-ona nikohdan ajratilganda) yoki hokim qaroriga koʻra voyaga yetmagan bolaning familiyasi oʻzgartirilganda;
- millati oʻzgartirilganda;
- nikohda turmagan ona tomonidan bolaning otasi haqidagi maʼlumotlarni oʻzgartirish haqida ariza berilganda (bola 16 yoshga yetgunga qadar);
- sud qarori bilan otalikni belgilash haqiqiy emas deb topilganda, ota haqidagi maʼlumotlar bekor qilinganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda;
- ota-onasining familiyasi, ismi va otasining ismi oʻzgartirilishi munosabati bilan voyaga yetmagan bolaning familiyasi va otasining ismi oʻzgartirilganda;
- dalolatnoma yozuvlarida imloviy xato va noaniqliklar boʻlganda, shuningdek tugʻilgan vaqti, joyi va otasining ismi haqidagi yozuv mavjud boʻlmaganda;
- 16 yoshga toʻlmagan bolaning ismi va familiyasi oʻzgartirilganda, agar ismi va familiyasi ota-onasining xohishi hisobga olinmagan holda berilgan boʻlsa;
- agar dalolatnoma yozuvida ismi qisqartirib yoki erkalatish shaklida yozilgan boʻlsa;
- jinsi oʻzgartirilganda.
Koʻrib turganingizdek, turmush oʻrtogʻi istagi uchun yoki yana boshqa maishiy sabablar dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish kiritish uchun asos boʻlishi mumkinligi haqida biror bir bandda keltirilmagan.
Bundan tashqari murojaatchining tugʻilganlik holati bilan bogʻliq arxiv maʼlumotlari tekshirilganda, fuqaroning tugʻilganlik holati oʻz vaqtida, tegishli tartibda qayd etilganligi va hech qanday xatolik yoki muddat buzilishi mavjud emasligi aniqlandi.
Ushbu oʻrganishlar hamda qonunchilikda belgilangan normalarga asosan, dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritish uchun yetarli asoslar mavjud boʻlmaganligi sababli, dalolatnoma yozuviga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalar kiritishni rad etish toʻgʻrisida xulosa (52a-ilova) tuzilib, murojaatchiga yuborildi.
Maʼlumot uchun, Qashqadaryo viloyat tuman va shahar FHDYO boʻlimlari tomonidan 2021-yilning birinchi choragida 383 ta dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirish kiritish holatlari qayd etilgan boʻlib, shundan 372 tasi fuqarolarning arizasiga koʻra, 8 tasi FHDYO xulosasi va 3 tasi sudning hal qiluv qarori asosida rasmiylashtirilgan.
Fuqaroni bunday mazmundagi murojaat etishiga sabab, huquqiy bilimi pastligi yoki chuqur emasligi deb aytishimiz mumkin. Lekin, bu murojaat mantiqan oʻylab qoʻrilganda ham hech bir asosga toʻgʻri kelmaydi, shunday emasmi?
Tinchgina yashab, farzandlarni birga voyaga yetkazib kelgan turmush oʻrtoqlar uchun nega birdan juftining yoshi muhim boʻlib qoldi ekan? Kimdir xotining sendan katta ekan deb kulsa, oʻz umr yoʻldoshiga “yoshini kichraytirsang kichraytir boʻlmasa ajrashaman” deyish qaysi bir mantiqqa toʻgʻri keladi?
Balki bunday talab qilishning asl sababi va muddaosi boshqadir. Murojaatchi bu haqida hech bir narsa demadi, biroq rad etish xulosasidan norozi ekanligini bildirdi.
Murojaatchi berilgan javobdan norozi boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 33 – moddasiga koʻra, yuqori turuvchi organga yoki sudga murojaat etish huquqi borligini tushuntirildi.
Nasiba Umarova,
Davlat xizmatlari Agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi
bosh maslahatchisi